Samarqandda Ramazon sovg‘alari ulashildi

"Vaqf" xayriya jamoat fondiga ehson qilayotgan saxovatpesha insonlarning ko‘magi bilan fond tomonidan Ramazon oyi davomida ko‘plab xayriya-saxovat ishlari amalga oshirilmoqda. Joriy yilning 16 may kuni Fond tomonidan tayyorlangan qariyb 251 million so‘mlik Ramazon sovg‘alari yurtimizning 14 ta hududlariga yuborilgani haqida xabar bergan edik, deb yozmoqda “Vaqf” xayriya jamoat fondi matbuot xizmati.

19 may kuni ushbu muruvvat karvonining Samarqand viloyati uchun ajratilgan qismi Samarqand tumanidagi “Xo‘ja Ahror Valiy” majmuasiga yetib keldi. Ushbu joyda yuzta muhtoj oilalar uchun mo‘ljallangan oziq-ovqat mahsulotlari o‘z haqdorlariga yetkazildi.

Bundan tashqari, Fond tomonidan viloyatdagi jome masjidlarning kutubxonasiga 285 dona Qur’oni karim kitobi ham taqdim qilindi.

Tadbirda “Vaqf” xayriya jamoat fondining boshqaruv rahbari I.Xalilov, Samarqand viloyat bosh imom xatibining o‘rinbosari X.Sattarov va jamoatchilik hamda OAV vakillari ishtirok etdilar. Unda so‘z olgan I.Xalilov muhtoj insonlar tashkilot e’tiboridan chetda qolmasligini ta’kidlagan holda, saxovatli insonlarni fond bilan hamkorlik qilishga, ehsonlarning haqdorlarga yetib borishida birgalikda harakat qilishga chaqirdi.