Akasi va otasini o‘ldirib, xonadoniga ko‘mgan shaxs qamoqqa olindi
Ijtimoiy tarmoqlarda Urgut tumanida qotillik jinoyati sodir etilganligi haqida xabarlar tarqaldi. Holat yuzasidan viloyat prokuraturasi ma’lumot berdi.
Aniqlanishicha, 2022 yil 7 iyun kuni soat 19:30 larda Urgut tumani Navbog‘ ko‘chasida yashovchi J.M. tuman IIBga murojaat qilib, unda otasi B.M. va ukasi Sh.M. uyida yo‘qligi, qo‘l telefon raqamlari ishlamayotganligi, ularni topishda amaliy yordam berishni so‘ragan.
Olib borilgan tergovga qadar tekshiruv jarayonida Sh.M. tuman IIBga aybini bo‘yniga olish to‘g‘risida ariza bilan murojaat qilib, unda 2022 yil 15 may kuni soat taxminan 07:00 da otasi B.M. va akasi Sh.M. bilan janjallashib qolib, uy-xo‘jaligida foydalangan bolta va oshxona pichog‘i bilan dastlab akasi Sh.M.ni, so‘ngra otasi B.M.ni tanasining turli sohalariga bir necha marotaba urib, ularni qasddan o‘ldirib, yashash uyining tomorqasiga ko‘mganligini ma’lum qilgan.
Sh.M.ning tushuntirishiga asosan uyning tomorqa qismi ko‘zdan kechirilganda B.M. va Sh.M.ning jasadi qotillik alomatlari bilan topilgan. Holat yuzasidan sud tibbiy ekspertizasi tayinlangan.
Mazkur holat yuzasidan Urgut tumani prokuraturasi tomonidan Sh.M.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 97-moddasi 2-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, Jinoyat-protsessual kodeksining 221-moddasi tartibida ushlanib, gumonlanuvchi sifatida jalb qilingan.
Jinoyat ishi bo‘yicha viloyat prokuraturasi tomonidan dastlabki tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.