Past Darg‘omda ikki yigit tanish ayolni o‘ldirib, jasadini yoqib yuborgan

Joriy yil 7 yanvarda Past Darg‘omdagi tashlandiq bolalar bog‘chasida qotillik sodir etilgan.

Ma’lum bo‘lishicha, shu kuni soat 00:00 atrofida M.N. (2002 yilda tug‘ilgan) va M.T. (2001 yilda tug‘ilgan) ismli yigitlar ayollarni Past Darg‘om tumani «Istiqbol» mahallasi hududida faoliyat ko‘rsatmasdan kelayotgan tashlandiq maktabgacha ta’lim muassasasi binosiga olib borgan.

Spirtli ichimlik ichilgach, mast bo‘lib o‘zaro kelishmovchilik paydo bo‘lgan. Shundan so‘ng, yigitlar oshxona pichog‘i bilan ayollardan birini bir necha marotaba urib, qasddan o‘ldirgan. So‘ngra murdani yoqib yuborgan.

M.N. va M.T.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 97-moddasi 2-qismi «p» bandi (bir guruh shaxslar yoki uyushgan guruh a’zosi tomonidan yoxud o‘sha guruh manfaatlarini ko‘zlagan holda qasddan odam o‘ldirish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, ular Jinoyat protsessual kodeksining 221-moddasi tartibida ushlangan.