Kattaqo‘rg‘on tumanida sodir etilgan qotillik bo‘yicha 2 kishi gumonlanuvchi sifatida jalb etilgan
Ijtimoiy tarmoqlarda Kattaqo‘rg‘on tumani Qiymado‘z qishlog‘ida mudhish qotillik ro‘y berganligi haqida xabarlar tarqaldi.
Viloyat prokuraturasi qotillik jinoyati yuzasidan ma’lumot berdi.
Qayd etilishicha, sud tibbiy ekspertining 2022 yil 8 maydagi ma’lumotnomasida marhum F.Q.ning tanasida, ya’ni o‘ng yelka bo‘g‘imi, o‘ng tirsak bo‘g‘imi, o‘ng tizza bo‘g‘imi sohasi hamda ko‘krak qafasi chap tomonida shilinmalar, ko‘krak qafasi orqa yuzasida sanchilib kesilgan yaralar, ko‘krak qafasi orqa yuzasi plevra bo‘shlig‘iga teshib o‘tib, ikkala o‘pkani jarohatlovchi sanchilib kesilgan yaralar bo‘lib, uning o‘limi ichki va tashqi qon ketishdan kelib chiqqanligi ko‘rsatilgan.
Mazkur holat yuzasidan Kattaqo‘rg‘on tuman prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 97-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, 2 nafar fuqaro gumonlanuvchi sifatida jalb qilinib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.