Respublika yosh ishbilarmonlari Samarqandda birlashdi

Seminar doirasida “Bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkasi”, oliy ta’lim muassasalari va o‘quv markazlari faoliyati, yoshlar tomonidan yetishtirilgan va tayyorlangan qishloq xo‘jaligi va hunarmandchilik mahsulotlari ko‘rgazmasi tashkil etildi.

- Samarqand tumani Shirinobod mahallasida yashayman, - deydi Hikmatillo Usmonov. – O‘tgan yili auksionda qatnashdim va menga 25 sotix yer maydoni ajratildi. Bu yerda kartoshka, pomidor, bodring va boshqa qishloq xo‘jalik mahsulotlar yetishtiryapmiz. Kartoshkaning o‘zidan 10 million so‘m daromad qildim.

Ko‘rgazmada viloyatning barcha shahar va tumanlaridan yosh hunarmand, tadbirkor va dehqonlar ishtirok etyapti.

- Ota-onam ko‘magida oilaviy korxona tashkil qildim, - deydi Kattaqo‘rg‘on tumanida yashovchi Ruxshona Turdiyeva. – Bu yerda biror zamonaviy uskunalar yordamida emas, faqat qo‘l mehnati orqali sutni qayta ishlaymiz. Ya’ni, qatiq, qaymoq, sariyog‘ va boshqa mahsulotlar tayyorlaymiz. Korxonada 8 nafar tengdoshimni ish bilan ta’minlaganman. Bir kunda 300 litr sut qayta ishlanyapti.

Qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yarmarkasida o‘zlari yetishtirgan mahsulotlar bilan qatnashayotgan yoshlar orasida nafaqat Samarqand viloyati, balki mamlakatimizning turli hududlaridan kelgan yigit-qizlar bor.

- Qoraqalpog‘istonning To‘rtko‘l tumanidan keldim, - deydi yosh dehqon Jaloliddin Raimboyev. – Ishsiz edim. Dehqonchilikka qiziqardim. Tomorqada ishlay, desam hovlimiz bor-yo‘g‘i 7 sotix edi. 50 yil muddatga yoshlar uchun yer ajratilayotganini eshitib, auksionda qatnashdim va 1 gekatr yer maydonini yutib oldim. Bu yerda oilaviy, ya’ni 7 kishi mehnat qilamiz. Sabzavot va poliz mahsulotlari yetishtiryapmiz. O‘tgan yili shu yerdan 120 million so‘m daromad qildik. Bu yil 200 million so‘mlik mahsulot yetishtirishni rejalashtirib turibmiz.

Bu ko‘rgazmalar bahonasida turli hudud yoshlari bir-birlari bilan uchrashib, suhbatlashyapti, do‘stlashyapti va o‘zaro tajriba almashyapti.