Mobil telefonsiz oromgoh

Maktablarda darslar tugab, bolalar yozgi ta’tilga chiqdi. Bolalarning mazmunli dam olishi uchun viloyatimizning bahavo joylarida oromgohlar barpo etilgan. Jumladan, “Alpomish” bolalar oromgohi Samarqand shahri bolalari uchun xizmat ko‘rsatadi. Oromgoh Samarqand tumanining Ohalik mahallasida joylashgan bo‘lib, 4,7 gektar maydonga ega.

Bolalarning oromgohda qanday dam olayotgani, yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishish maqsadida mazkur oromgohda bo‘ldik. Maskan tog‘li hududda, 1200 dan ortiq manzarali va mevali daraxtlar bilan o‘ralgan so‘lim hududda joylashgan. Bu yerning toza havosi kishiga ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishlaydi.

- Har bir davrada 200 nafar bola qabul qilishimiz kerak edi, - deydi oromgoh direktori Nigora Jabborova. – Ammo talabgor ko‘pligi bois shu davrada 253 nafar bolani qabul qildik. Oromgohlarning bir davrasi 12 kun bo‘lib, bolalar dam olib ketgach, keyingi davraga uch kun tayyorlanamiz. Bunda barcha yotoqxona, oshxona, bolalar mashg‘ulotlar olib boradigan joylar sanitariya talablari asosida dizenfeksiya qilinadi.

Oromgohda bolalar ertalab soat 10:00 dan 12:00 gacha to‘garaklarga jalb qilinadi. Kechga ko‘ngilochar tadbirlar tashkil etiladi. Har bir kunga alohida nom beriladi. Kunlarga mos soha xodimlari ham jalb etiladi. Masalan, “Harbiy vatanparvarlik kuni”da harbiylar, “Mohir qo‘llar” kunida hunarmandlar kelib, master-klass o‘tib beradi. Kechki tadbirlarda tarbiyachilar bolalar bilan har xil sahna ko‘rinishlari tayyorlab namoyish etadi.

- E’tiborli tomoni, bolalar 12 kun mobil telefonsiz sog‘lom turmush tarzida yashaydi, - deydi oromgoh direktori. – Biz ota-onalarga boshida shunday talab qo‘yyapmiz. Ba’zi ota-onalar telefon qilib, “Nega bolam menga qo‘ng‘iroq qilmayapti?” deydi. Sababi, bu yerda bolalarning telefon qilishga vaqti yo‘q, ular sevimli mashg‘ulotlari bilan band. Masalan, kecha kelgan ota-ona bolasini ancha vaqt kutib o‘tirdi. Bola musobaqada futbol o‘ynayotgani uchun ota-onasi kelganini eshitsa ham o‘yinni tark etmadi. Bolasi telefondan ayrilganini ko‘rgan ayrim ota-onalar rahmat aytib ketyapti.
Darhaqiqat, oromgohda bolalar tennis, shaxmat-shashka, kitob mutoalasi, qo‘shiq aytish, milliy musiqa asboblarini chalish, qo‘g‘irchoq teatri, mohir qo‘llar kabi to‘garaklarda o‘z qobiliyatlarini namoyish etmoqda. Har bir kun o‘zgacha musobaqalar bilan bolalarga zavq beryapti.

- Samarqand shahridagi 63-maktabda o‘qiyman, - deydi Abror Eshmirzayev. – Avval shaxmat to‘garagiga borganman. Kecha bo‘lib o‘tgan sport musobaqasida shaxmatdan 2-o‘rinni oldim. Oromgohda shaxmatga bo‘lgan qiziqishim yanada ortdi, do‘stlar orttirdim.
Bu yil barcha oromgohlar 12 kunlik namunaviy dastur asosida faoliyat olib boryapti. Bolalarni sog‘lomlashtirish, ta’tilni maroqli o‘tkazish borasida tegishli tadbir va rejalar ishlab chiqilgan.

- Keyingi davramizga ijtimoiy reyestrda bo‘lgan ota-onalarning a’lochi farzandlari keladi, - deydi N.Jabborova. – Mana shunday bolalardan 163 nafarini kutib olamiz. Oromgohdagi bolalar hayotini ijtimoiy tarmoqlarda ham yoritib boryapmiz. Shu bois oromgohga farzandini berish istagida bo‘lgan ota-onalar ko‘p, ammo joyimiz chegaralangan.

- Bugun oromgohda “Xalqlar do‘stligi” kuni, - deydi oromgoh bosh tarbiyachisi Sindor O‘sarov. – Yettita guruh bor, tushlikkacha guruhlar tadbirga tayyorgarlik ko‘radi. Tushlikdan keyin har bir guruh turli millatlarning urf-odatlari, an’analariga bag‘ishlangan sahna ko‘rinishlari, kuy va qo‘shiqlarini namoyish etib beradi. Kechga “O‘zbekiston – umumiy uyimiz” nomli konsert tashkil etiladi.

Oromgoh binolari 1958 yilda qurilgan bo‘lib, ancha eskirib qolgan. To‘g‘ri, binolar biroz ta’mirlangan, ranglangan, ammo zamonaviy emas. Kelajakda “Alpomish” oromgohi zamon talablariga moslashtiriladi, degan umiddamiz.


Xurshida ERNAZAROVA.