Yil boshidagi dastlabki sessiyada o‘tgan yil yakunlari tahlil qilinib, bu yilgi muhim vazifalar muhokama qilindi

Xalq deputatlari viloyat Kengashining yigirma beshinchi sessiyasi o‘tkazildi. Sessiya ishini Kengash raisi Sh.Negmatov boshqardi.

Sessiya avvalida Kengashning 2025 yildagi faoliyati haqida ma’lumot berildi. Yil davomida sessiyalarda faol ishtirok etgan va saylovchilari bilan muntazam aloqa o‘rnatib, ularning muammo va masalalari ijobiy hal etilishiga hissa qo‘shgan deputatlar e’tirof etildi.

Shundan so‘ng sessiya kun tartibiga muvofiq viloyatda kriminogen vaziyatni yaxshilash, jinoyatlarning barvaqt oldini olish, omillarini bartaraf etish yuzasidan ko‘rilgan choralar bo‘yicha viloyat prokurori M.Eshnazarovning axboroti tinglandi.

Qayd etilishicha, o‘tgan yil viloyatda 15998 ta jinoyat hisobga olingan va 2024 yilga nisbatan 70 foizga ko‘paygan. Bu jinoyatlarning 7601 tasi (48 foizi) axborot texnologiyalari sohasidagi jinoyatlarni tashkil qilgan. Shuningdek, viloyat prokuraturasi organlari tomonidan 429 ta jinoyatning hisobdan yashirilganligi aniqlanib, markazlashgan hisobga qo‘yilishi ta’minlangan.

– Davlatimiz rahbarining 2025 yil 3 yanvardagi “Mahallalarda xavfsiz muhitni yaratish va huquqbuzarliklarni barvaqt oldini olish tizimi samaradorligini yanada oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, har bir mahallada huquqbuzarlikning erta oldini olish, kriminogen vaziyatni barqarorlashtirish bo‘yicha yangi mexanizm joriy etildi, – dedi M.Eshnazarov. – Barcha tuman va mahallalarning choraklik manzilli “yo‘l xaritasi” ishlab chiqilib, ijroga qaratildi. Natijada mahallalarda 404 ta o‘g‘rilik, bezorilik va boshqa turdagi jinoyatlar hamda 476 nafar shaxsning jinoyat qurboni bo‘lishining oldi olindi. Shuningdek, 6128 ta jinoyat fosh etilib, 1110 nafar qidiruvda bo‘lgan shaxs ushlandi, 3241 ta jinoyat aniqlandi. Jinoyat sodir bo‘lgan mahallalar soni oydan-oyga kamayib, “qizil” toifadagi mahallalar 118 tani tashkil qilib, 2024 yilga nisbatan sezilarli darajada kamaydi. Tegishli organlar va mahallalar bilan hamkorlik natijasida viloyatimizda qotillik, bosqinchilik, nomusga tegish, o‘lim bilan bog‘liq yo‘l transport hodisasi kabi aholi kayfiyati va kriminogen vaziyatga bevosita ta’sir ko‘rsatuvchi jinoyatlar kamayishiga erishildi.

Tahlillarga ko‘ra, 2025 yilda viloyatda sodir etilgan qotillik va tan jarohati yetkazish jinoyatlarining salmoqli qismi oila – turmush munosabatlari doirasida yuzaga kelgan kelishmovchiliklar tufayli kelib chiqqan. Jumladan, zo‘ravonlik va tan jarohati yetkazish bilan bog‘liq jinoyatlarning 32 foizi (269 ta) hamda qotilliklarning 51 foizi (18 ta) aynan oilaviy kelishmovchiliklar tufayli sodir qilingan.

Shu bois “Oiladagi sog‘lom muhit – xavfsiz ko‘cha va xavfsiz mahalla tayanchi” tamoyili asosida oilalardagi muhitni sog‘lomlashtirish, ijtimoiy profilaktika tizimini yanada yaxshilash borasida tegishli choralar ko‘rish lozimligi ta’kidlandi.

Sessiyada O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 16 fevraldagi “Jamoat transporti tizimini isloh qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida Samarqand shahri bo‘yicha ishlab chiqilgan transport va yo‘l-transport infratuzilmasini rivojlantirish Bosh rejasiga asosan 2024-2025 yillarda amalga oshirilgan ishlar yuzasidan viloyat transport boshqarmasi boshlig‘i R.Tojiyev hisobot berdi.

Hisobotda keltirilishicha, bugungi kunda viloyatda 314 ta yo‘nalishda 3241 ta transport vositasi aholiga xizmat ko‘rsatmoqda. Shuningdek, 27 ming 191 nafar fuqaro o‘zini o‘zi band qilgan holda yo‘nalishsiz taksi xizmati ko‘rsatish faoliyati bilan shug‘ullanmoqda. 2025 yil davomida aholining talab va takliflaridan kelib chiqib, qishloqlarni tuman markazi, tuman markazini viloyat markazi bilan bog‘lash uchun 10 ta yo‘nalish ochildi. Yil davomida 101 million yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatildi va xizmat hajmi o‘tgan yilga nisbatan 18,4 foizga oshdi. Yangi avtovokzal va avtostansiyalar qurildi.

– Shahar jamoat transportida to‘liq elektron to‘lov tizimi joriy etildi – dedi R.Tojiyev. – Aholiga bank kartalari, ATTO yagona transport kartasi hamda QR kodli chiptalardan yo‘lkira haqini to‘lash imkoniyati yaratildi. QR kodli chiptalarni xarid qilish uchun 100 ga yaqin bekatda hamda aholi gavjum bo‘lgan 800 ga yaqin nuqtada infokiosklar o‘rnatildi. Buning natijasida elektron to‘lov ulushi 50 foizga yetdi. Brutto-shartnomasi orqali xizmat ko‘rsatuvchi tadbirkorlik sub’yektlariga 2024 yilda 13,9 milliard so‘m to‘langan bo‘lsa, 2025 yilda 62,7 milliard so‘m to‘lab berildi. Samarqand shahrining turistik salohiyatidan kelib chiqib, Samarqand shahri bo‘ylab xorijiy va mahalliy sayyohlar uchun tarixiy maskanlarni bog‘lovchi ikki qavatli “dabl-dekker” turistik yo‘nalishdagi avtobuslar xizmati yo‘lga qo‘yildi.

Bu boradagi ishlar 2026 yilda ham davom etadi. Jumladan, bu yil Payariq tumanida rekonstruksiya qilingan Imom Buxoriy majmuasi ochilishi munosabati bilan mazkur hududga tashrif buyuruvchi xorijiy hamda mahalliy ziyoratchilarga sifatli transport xizmatini tashkil etish maqsadida Samarqand shahridagi temir yo‘l vokzali, aeroport, Amir Temur maqbarasi va Imom Buxoriy majmuasi o‘rtasida uchta yangi yo‘nalish tashkil etilib, zamonaviy avtobuslar qatnovi yo‘lga qo‘yiladi. Samarqand shahrida elektrobuslar ulushini oshirish maqsadida yilning birinchi yarmida 50 ta, yil yakuniga qadar yana 250 ta elektrobus olib kelinishi rejalashtirilgan. Shaharda tirbandliklarning oldini olish uchun hududlardan kirib keluvchi transport vositalarini shahar tashqarisida to‘xtatish maqsadida 2 ta avtostansiya quriladi.

Deputatlar hisobot yuzasidan o‘z fikrlarini bildirib, transport xizmati ko‘rsatish sifatini oshirish bo‘yicha takliflarini bayon etdilar.

Sessiyada mutasaddi idoralarning murojaatlarini inobatga olib, Jomboy tumanidagi “Qoramo‘yin-2” Past Darg‘omdagi “Iskandari”, Narpaydagi “Guliston” kichik sanoat zonalarini tugatish hamda Payariq tumanidagi “Xalqobod” muqobil mashina-traktor parki hududida hamda Kattaqo‘rg‘on shahrida Qo‘shhovuz mahallasi hududida kichik sanoat zonalari tashkil etish to‘g‘risida qarorlar qabul qilindi.

Shundan so‘ng “O‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalariga hamda ularda qurilgan binolar va inshootlarga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etish to‘g‘risida”gi Qonunga ko‘ra, Kadastr agentligining “E’tirof” avtomatlashtirilgan axborot tizimi orqali kelib tushgan hujjatlar asosida 1500 nafar fuqaroning o‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkasiga bo‘lgan ijara huquqi hamda ularda qurilgan bino va inshootga bo‘lgan mulk huquqi qonuniy tartibda e’tirof etildi.

Sessiyada xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashining ayrim qarorlariga o‘zgartirish kiritish, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “2025 yil 27 dekabrdagi “Samarqand viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga qaratilgan chora-tadbirlarni yanada jadallashtirish to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash, 2026 yilda “Ye-auksion” orqali sotuvga chiqariladigan yaylov yer maydonlarini tasdiqlash, Osiyo taraqqiyot banki (OTB) bilan hamkorlikda “Institutsional va ijtimoiy infratuzilma binolarini “yashil” qayta jihozlash” bo‘yicha ishlab chiqilgan loyiha konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risidagi va boshqa masalalar ko‘rib chiqilib, qarorlar qabul qilindi.