Bir tomorqa — bir imkoniyat: ishbilarmon ayollar ibrat bo‘lmoqda
Bugun mahallalarda xotin-qizlar tadbirkorligini rivojlantirish, aholini o‘zini o‘zi band qilishga keng jalb etish masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Bu borada O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi tomonidan amalga oshirilayotgan loyihalar mahallalarda o‘z samarasini bermoqda.
Partiyaning Toyloq tumani Kengashi raisining birinchi o‘rinbosari, apparat rahbari Zoyirjon Ziyodullayev hamda tuman Kengashi deputati Nasiba Mo‘minova tumanning Sariosiyo mahallasida bo‘lib, mahallada faoliyat yuritayotgan tomorqachi va ishbilarmon ayollar — Mastura Suyunova hamda Gulchehra Xudoynazarova xonadonlarida tashkil etilgan issiqxonalar faoliyati bilan tanishdi.
Uchrashuv davomida O‘zLiDeP tomonidan amalga oshirilayotgan “Ishbilarmon ayol” va “Namunali tomorqachi” loyihalarining mazmun-mohiyati xususida atroflicha fikr almashildi. Qayd etilganidek, ushbu loyihalar mahallalarda aholi tomorqalaridagi bo‘sh yer maydonlaridan samarali foydalanish, xotin-qizlarni o‘zini o‘zi band qilish, shuningdek, mahalladagi boshqa ayollarni ham ish bilan ta’minlashga qaratilgan.
Loyihalar doirasida aholi tomorqalaridan unumli foydalanish, bir yilda 2–3 marta hosil olish maqsadida tajribali tomorqachi ayollar ishtirokida mahorat darslarini tashkil etish, “Bir mahalla — bir mahsulot” tamoyili asosida mahallalarni muayyan ekin turiga ixtisoslashtirish hamda fermer va tadbirkorlar tomonidan ixcham issiqxonalar qurib berishga ko‘maklashish rejalashtirilgan.
Mastura Suyunova 4 sotix hovlisida zamonaviy issiqxona tashkil etgan bo‘lib, ayni paytda 3 nafar oila a’zosini ish bilan ta’minlagan. U qulupnay yetishtirish orqali yiliga 200 million so‘m daromad olishni rejalashtirmoqda. Gulchehra Xudoynazarova esa 12 sotix hovlisida limonariya va qulupnaychilikni yo‘lga qo‘yib, 5 nafar yoshlarni doimiy ish bilan band qilgan. Ushbu faoliyat orqali uning yillik o‘rtacha daromadi 500 million so‘mni tashkil etmoqda.
Mastura Suyunova va Gulchehra Xudoynazarova bugun Sariosiyo mahallasining faol, tashabbuskor va ishbilarmon ayollari sifatida qo‘shnilariga, ayniqsa xotin-qizlarga ibrat bo‘lib kelmoqda.