Milliy “AI Hackathon” Samarqand yoshlarini innovatsiya maydonida birlashtirdi

Samarqandda ikkinchi Milliy “AI Hackathon” tanlovi tashkil etildi.

Ushbu tadbirning asosiy maqsadi tibbiy texnologiyalar, kiberxavfsizlik, ta’lim texnologiyalari, tadbirkorlik hamda internet tarmog‘idagi taqiqlangan vositalar aylanishini nazorat qilish sohalarida raqamli islohotlarni jadallashtirishdan iborat.

Loyiha soha mutaxassislari hamda axborot texnologiyalari yo‘nalishida faoliyat yuritayotgan iqtidorli yoshlarni bir maydonga jamlab, dolzarb muammolar uchun zamonaviy va innovatsion yechimlar ishlab chiqishga qaratilgan.

To‘rt kun davom etgan tanlovda ishtirok etish uchun 370 nafardan ortiq yoshlar ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lib, ularning 68 nafarini qizlar tashkil etadi. Qatnashchilar asosida jami 49 ta jamoa shakllantirildi.

Milliy “AI Hackathon” tadbirida respublika miqyosidagi 7 nafar yuqori toifali hakam, 6 nafar malakali ekspert, 5 nafar spiker hamda 23 nafar tajribali mentorlar ishtirok etdi. Ular ishtirokchilarga amaliy maslahatlar berib, loyihalarni takomillashtirishda ko‘maklashdi.

Dastlabki bosqichda 13 jamoa saralab olingan bo‘lsa, keyingi bosqichda hakamlar hay’ati tomonidan eng yaxshi 5 ta loyiha tanlab olindi. Har bir yo‘nalishdan bittadan g‘olib jamoa aniqlanib, ular MacBook noutbuklari va boshqa qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi.

Tanlovda Samarqand “Startap ofisi” jamoasi – “AI club” ta’lim yo‘nalishida 1-o‘rinni egalladi.