Amir Temur tadbirkorlarga kredit berganmi?

Tijorat ahli– davlat ustunlaridan biridir yoxud Temuriylar davri va Yangi O‘zbekistonda tadbirkorlarga munosabatning hayratlanarli o‘xshashliklari xususida.

Ko‘pbo‘ldi, deyarli har haftaning bir kunini kutubxonada o‘tkazaman. Garchi mutolaasiz yasholmasam-da, qiroatxona ruhi, u yerdagi go‘zal muhit ohanrabo yanglig‘ o‘ziga tortaveradi. Taomilga ko‘ra, bu gal ham telefon va unga qo‘shib hamma tashvishlarni tashqarida qoldirdim-u huzurbaxsh makon – kitoblar qarshisida sirli qalbi bilan yolg‘iz qolishni sevguvchilar safiga otildim.

Bu galgi tanlovim shoh va davlat arbobi, ulkan imperiya asoschisi Amir Temurning “Temur tuzuklari” (G‘afur G‘ulom nomidagi Adabiyot va san’at nashriyoti, forschadan Alixon Sog‘uniy va Habibullo Karomatov tarjimasi, akademik Bo‘riboy Ahmedov umumiy tahriri ostida, 1996 y.) asari bo‘ldi. Voajab, 25 yil burun o‘qiganim bu mo‘’jazgina asar yana ilk sahifalaridanoq tafakkurga unday bosh­ladi. Sohibqironning o‘gitlarini tag‘in teranroq tuydim, go‘zal tadbirlari, adolati va xalqparvarligi, yuksak aql-zakovatiga havas qildim hamda u qurgan saltanat bejiz qudratli bo‘lmaganiga qayta-qayta iqror bo‘ldim.

Tasavvur qiling, XIV va XXI asrlarni solishtirar ekanman, qariyb yetti yuz yil avvalgi davlatchilik asoslari bilan bugungi davr o‘rtasidagi uyg‘unlik, o‘xshashlikni anglab hayratga tushaman: Amir Temur va Shavkat ­Mirziyoyev boshqaruvining davlatchilik strategiyasi, islohotlari mazmuni va siyosiy falsafa, ayniqsa, tadbirkorlarga munosabatining juda-juda yaqinligiga, buyuk imperiyadagi ko‘pgina qoidalar bugungi zamonaviy davlatchiligimizda ham yaqqol namoyon bo‘layotganiga guvoh bo‘ldim va bundan faxrlandim. Zero, “Temur tuzuklari” shunchaki tarixiy qo‘llanma emas, balki strategik boshqaruvning mukammal modelidir.

Xo‘sh, ikki hukmdor boshqaruvidagi yaqinlik, vobastalik nimalarda ko‘rinadi. Avval shu jihatlarga to‘xtalamiz.

“Kuch – adolatdadir” tamoyili

Amir Temur davlat boshqaruvining poydevorini adolat va qonun ustuvorligi tashkil etgan. “Davlat ishlarining to‘qqiz ulushini kengash, tadbir va mashvarat, qolgan bir ulushini esa qilich bilan amalga oshirdim”, deya ta’kid­lagan buyuk bobomiz o‘z tuzuklarida. Hozirgi davrda ­Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilayotgan “Inson qadri uchun” tamoyili va sud-huquq islohotlari o‘sha qarashlarning zamonaviy ko‘rinishi, desak yanglishmaymiz. Zero, har ikki rahbar ham davlatning barqarorligi bevosita adolatga bog‘liq ekaniga urg‘u beradi.

Markazlashgan davlat va kuchli vertikal boshqaruv

Ikki davrda ham davlat tarqoqlikdan kuchli markazlashuv sari harakat qilgan. Temur tarqoq viloyatlarni birlashtirib, yagona markazga bo‘ysunuvchi qudratli imperiya tuzgan. 2016 yildan so‘ng O‘zbekistonda davlat boshqaruvi tizimi qayta tartibga solindi, ijro hokimiyatining mas’uliyati oshirildi va davlat organlari xalqqa xizmat qilishi kerak, degan qat’iy talab qo‘yildi.

Tashqi siyosat va mintaqaviy yetakchilik

Amir Temur ham, Shavkat Mirziyoyev ham O‘zbekiston hududini xalqaro siyosat va iqtisodiyotning markaziga aylantirishga,  mamlakatning tranzit salohiyatini oshirishga intilgan. Temur davrida Buyuk Ipak yo‘lining xavfsizligini ta’minlab, Yevropa va Osiyoni bog‘lovchi savdo yo‘llari nazorat qilingan. Hozir esa O‘zbekistonning Markaziy Osiyodagi qo‘shnichilik siyosati va mintaqaviy integratsiya tashabbuslari Sohibqiron davridagi geosiyosiy faollikni eslatadi.

Bunyodkorlik va infratuzilma

Davlatning qudratini qurilish va obodonchilik orqali namoyon etish – har ikki davr uchun xos xususiyat. Temur davrida  Samarqand, Shahrisabz kabi shaharlar dunyoning eng go‘zal markazlariga aylantirilgan (Oqsaroy, Bibixonim masjidi va boshqa ulkan inshootlar). Bugun amalga oshirilayotgan ulkan qurilishlar, “Tashkent City”, “Yangi O‘zbekiston” va boshqa hududlardagi ulkan bunyodkorliklar va hududlardagi zamonaviy infratuzilma o‘zgarishlari...hamma-hammasi azaliy an’analar davomi emasmi?

Kengashli ish tarqamas

Buyuk sarkarda aytadi: “Har bir ishni kengash bilan qildim... Kengash ikki turli bo‘lur: biri – til uchida aytilgani, ikkinchisi – chin yurakdan chiqqani”. Bu tamoyil hozirgi “Xalq bilan muloqot” va qarorlar qabul qilishda jamoatchilik fikrini o‘rganish tizimiga juda yaqin. E’tibor beraylik, davlat dasturlarining umumxalq muhokamasiga qo‘yilishi – “kengash” prinsipining zamonaviy shakli emasmi?

Rahbarning shaxsiy mas’uliyati va qat’iyati haqidagi fikrlari ham e’tiborni tortmay qo‘ymaydi.  Temur bosh­qaruvda ikkilanishni davlat uchun zararli deb hisoblagan. “Bir ishni qilishga qasd qildingmi, uni bitirmaguncha qo‘lingni undan tortma”, deya podshohning so‘zi va qarori qat’iy bo‘lishi, vazirlar esa faqat maslahatchi bo‘lishi kerakligini uqtiradi. “Adolat va insof bilan bandalarini o‘zingdan rozi qil. Zulmdan saqlan, chunki zulm dunyo­ni vayron qilur va podshohlik chirog‘ini o‘chirur”, degan Amir Temurning boshqaruv tizimida intizom va inson omili markazda bo‘lgan. Shavkat Mirziyoyev boshqaruvida ham davlat organlarining emas, balki insonning manfaati ustuvor qilib qo‘yildi.  Prezidentimiz ilgari surayotgan ijro intizomi va rahbarlarning shaxsiy mas’uliyati masalasi shunga ishora qiladi: qaror qabul qilindimi, uning ijrosi albatta ta’minlanishi shart!

Sohibqironning “Kuch – adolatda” tamoyili bugungi kunda “Inson qadri uchun” tamoyili bilan yangicha mazmunda boyitildi. “Raiyat (fuqarolar) ahvolidan xabardor bo‘ldim, ulug‘larini og‘a o‘rnida, kichiklarini farzand o‘rnida ko‘rdim... Hech kimga zulm qilmadim” deydi Temur o‘z tuzuklarida. Yangilangan Konstitutsiyamizda (13-modda): “O‘zbekiston Respublikasida inson, uning hayoti, erkinligi, sha’ni, qadr-qimmati va boshqa ajralmas huquqlari oliy qadriyat hisoblanadi”. Ikkala hujjatda ham davlatning asosiy vazifasi inson manfaatlarini himoya qilishdir.

“Gunohi isbotlanmaguncha hech kimga jazo bermadim” deydi buyuk sarkarda. Bu hozirgi yurisprudensiyadagi aybsizlik prezumpsiyasidir: “Jinoyat sodir etganlikda ayb­lanayotgan shaxs uning aybi qonunda nazarda tutilgan tartibda isbotlanmaguncha aybsiz hisoblanadi” (O‘zbekiston Konstitutsiyasi, 28-modda). Ya’niki, insonni asossiz ayblash va qiynoqqa solish qat’iyan man etilishi har ikki davrda ham muhim qoida bo‘lgan. Ikki hujjatda ham mulk­dor bo‘lish va uni himoya qilish davlatning qudrati sifatida qaraladi, davlat mulkdorni va tadbirkorni himoya qilishi shartligi qat’iy belgilangan.

 Temurning “temir daftari”

“Temir daftar” Amir Temur davrida ham bo‘lganini bilasizmi?

Buyuk davlat arbobi kambag‘allar va muhtojlar ahvolidan doimiy xabardor bo‘lishni davlatning burchi deb bilgan. Shu bois har bir shaharda yetim-yesirlar, ma­yib-majruhlar uchun sadaqaxonalar tashkil etgan, ularga nafaqa tayinlangan. Gadolik (tilanchilik) taqiqlangan va har bir muhtojga ish yoki boshpana berilgan. Shuning uchun bemalol aytish mumkinki, O‘zbekistondagi “Temir daftar”, “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari” va ijtimoiy himoya reyestrlari Temurning kambag‘allikni tizimli kamaytirish haqidagi qarashlari bilan bevosita mushtarakdir.

Shuningdek, Temur vazirlar va hokimlarning xalqqa zulm qilishiga yo‘l qo‘ymagan. U maxsus xufiyanavislar (nazoratchilar) orqali amaldorlarning xalq bilan qanday muomala qilayotganini kuzatib turgan. “Vazirlar va hokimlar xalqqa zulm qilsa, ularning mol-mulki musodara qilinib, o‘zlari ishdan haydalsin” deydi u. Bugungi korrupsiyaga qarshi kurash, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi faoliyati va davlat xizmatchilarining ochiqligini ta’minlashga qaratilgan islohotlar ham  o‘sha nazorat tizimining davomidir.

 Davlat ustunlariga munosabat

Amir Temur davlat iqtisodiy qudratini oshirishda tadbirkorlar (savdogarlar) va hunarmandlarni jamiyatning eng muhim bo‘g‘inlaridan biri deb hisoblagan, “tijorat ahlini davlat ustunlaridan biri” sifatida ta’riflagan. O‘z navbatida, tadbirkorlarga bo‘lgan munosabati, huquqiy himoyasi va ularga yaratgan sharoitlari ham juda yuqori bo‘lgan. “Dunyoning obodligini ta’minlovchi kishilar”ning xavfsizligi uchun qat’iy qonun-qoidalar o‘rnatgan. Buning uchun, avvalo, Buyuk Ipak yo‘lida mukammal xavfsizlik tizimini o‘rnatgan. Manbalarga ko‘ra, saltanat hududida savdo yo‘llarini qo‘riqlash uchun maxsus soqchilar va kuzatuvchilar tayinlagan. Bu tizimning eng muhim jihati, moddiy javobgarlik edi. Ya’ni, agar savdogarning mulki saltanat hududida o‘g‘irlansa yoki talansa, o‘sha hududning hokimi va aholisi yetkazilgan zararni ikki hissa qilib to‘lab berishi shart bo‘lgan. Talonchilikka yo‘l qo‘ygan mas’ullar esa davlat xazinasiga besh baravar miqdorida jarima to‘lagan. Bu tizim mahalliy rahbarlarni o‘z hududlarida xavfsizlikni ta’minlashga majbur qilgan.

Masalan, soliq yig‘ishda bir qancha yengillik va qat’iy qoidalar o‘rnatgan:

hosilga qarab belgilash – soliq faqat hosil pishgandan keyin va daromad manbai paydo bo‘lgach olingan, hali daromad olinmasdan turib soliq solish qat’iyan man etilgan;

yangi yerlarni o‘zlashtirish – kimki biron sahroni obod qilsa yoki yangi bog‘ yaratsa, birinchi yili undan hech qanday soliq olinmagan, ikkinchi yili raiyat o‘z roziligi bilan bergani olingan, faqat uchinchi yildan boshlab qonuniy xiroj belgilangan. Shuningdek, davlat oldida katta xizmat ko‘rsatgan shaxslarga (amirlar, olimlar va boshqalar) tarxonlik yorlig‘i berilib, ular barcha soliqlardan ozod qilingan.

Infratuzilma va “karvon yo‘li” xizmati yaratish, xususan, savdogarlarning qulay harakatlanishi uchun ulkan qurilish ishlari olib borilgan, savdo yo‘llari doimiy ta’mirlangan va kengaytirilgan. Yaxlit karvonsaroylar tarmog‘ini barpo etgan. Bu maskanlar yuqori darajadagi xizmat ko‘rsatish tizimi bilan ajralib turgan. Bu tizim tufayli Amir Temur davrida savdo aylanmasi keskin oshgan. Xitoydan Yevropagacha bo‘lgan savdogarlar Temur saltanati orqali o‘tishni eng xavfsiz va qulay yo‘l deb bilishgan.

Temurning xalqaro diplomatiya va “Ochiq eshiklar” siyosatining  yuqori darajada bo‘lganini uning boshqa davlatlar rahbarlariga yo‘llagan maktublarida savdogarlarni qo‘llab-quvvatlashga chaqirganida ko‘rish mumkin. Masalan, 1402 yilda Fransiya qiroli Karl VI ga yo‘llagan maktubida shunday degan: “O‘z savdogarlaringizni biz tomonlarga yuboring. Bu yerda ularga izzat-ikrom ko‘rsatiladi. Bizning savdogarlar ham sizning yurtingizga borganda, ularga nisbatan kuch ishlatilmasin va hurmat qilinsin”.

Hunarmandchilikni rivojlantirish ham Temur davlatining asosiy yo‘nalishlaridan biri bo‘lgan. Har bir fath etilgan hududdan eng malakali hunarmandlarni (to‘qimachilar, zargarlar, qurolsozlar, me’morlar) Samarqandga olib kelgan. Natijada Samarqand o‘sha davrning nafaqat siyosiy, balki eng yirik ishlab chiqarish va savdo xabiga aylangan. Qisqa qilib aytganda, Amir Temurning tadbirkorlikka munosabatida “Davlat – tadbirkorning himoyachisi” tamoyili ustuvor bo‘lgan. Bu siyosat iqtisodiy barqarorlikni ta’minlab, tarixda Temuriylar Renessansi deb atalgan yuksalish davriga asos bo‘lgan.

 

Eng muhim o‘xshashliklar

Birinchidan, “Tadbirkor boy bo‘lsa, davlat boy bo‘ladi” tamoyili har ikki boshqaruvning markazida turadi. “Temur tuzuklari”da savdogarlarni “saltanat korxonasining ish yurituvchilari” deb atagan. U aholining tadbirkor qatlamini qo‘llab-quvvatlash orqali xazinani boyitish mumkinligini tushungan. Shavkat Mirziyoyevning eng mashhur iboralaridan biri ham shunga mos: “Tadbirkorni boy qilsak, davlat boy bo‘ladi”. Bugungi kunda tadbirkor islohotlarning asosiy drayveri (harakatlantiruvchi kuchi) sifatida ko‘rilmoqda.

Ikkinchidan, davlat tomonidan huquqiy himoya va kafolat, ya’ni tadbirkorning xavfsizligi birinchi galdagi vazifa deb belgilangan. Temur davrida agar savdogarning moli o‘g‘irlansa yoki qaroqchilar tomonidan olib qo‘yilsa, zararni o‘sha hudud hokimi yoki davlat xazinasi qoplagan. Bu dunyo tarixidagi ilk “davlat sug‘urtasi” edi. Hozirgi davrda tadbirkorlik faoliyatiga noqonuniy aralashishga chek qo‘yish, Tadbirkorlar huquqlarini himoya qilish bo‘yicha vakil (Biznes-ombudsman) institutining tashkil etilishi va tekshirishlarga moratoriy ­e’lon qilinishi – o‘sha an’analarning huquqiy davomidir.

Uchinchidan, soliq imtiyozlari va rag‘bat tizimi. Har ikki rahbar ham yangi ish boshlaganlarga nafas olish uchun vaqt bergan. Temur davrida kimki qarovsiz yerni obod qilsa yoki yangi ishlab chiqarish boshlasa, undan 3 yilgacha soliq olinmagan. Hozirda yangi tashkil etilgan korxonalar, ayniqsa, chekka hududlardagi biznes uchun ko‘p yillik soliq imtiyozlari va pasaytirilgan stavkalar mavjud.

To‘rtinchidan, infratuzilma va “Ochiq eshiklar” siyosati. Tadbirkor uchun yo‘l va bozor bo‘lishi shart. Temur davrida Buyuk Ipak yo‘li bo‘ylab yuzlab karvonsaroylar qurilgan. Bu savdogarlar uchun ham mehmonxona, ham xavfsiz ombor vazifasini o‘tagan. Hozirda mamlakat bo‘ylab erkin iqtisodiy zonalar, kichik sanoat zonalari va logistika markazlari barpo etilmoqda. Qo‘shni davlatlar bilan chegaralarning ochilishi va tranzit yo‘laklari rivojlantirilyapti.

Beshinchidan, bevosita muloqot va kengash. Amir Temur doimiy ravishda savdogarlar va hunarmandlar vakillari bilan maslahatlashgan, ularning dardini eshitgan. Shavkat Mirziyoyev ilk bor 2016 yilda Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan prezidentlikka nomzodlik saylov­oldi dasturidayoq, avvalo, tadbirkorlar va fermerlarni himoya qilish va qo‘llab-quvvatlash, shu orqali mamlakat iqtisodini yuksaltirish hamda xalq farovonligini ta’minlash tashabbusi bilan chiqqan edi. 2021 yildan boshlab esa har yili 20 avgust – Tadbirkorlar kunida  soha egalari bilan muntazam ochiq muloqot o‘tkazib kelmoqda. Bunda muammolar bevosita rahbarning o‘ziga aytiladi va joyida yechim topiladi.

Bir so‘z bilan aytganda, har ikki davrda ham tadbirkor – davlatning ustuni sifatida ko‘rilgan. Temur savdogarni “elni el bilan bog‘lovchi elchi” deb qadrlagan bo‘lsa, bugungi kunda tadbirkor “Yangi O‘zbekistonning bunyod­kori” deb e’tirof etilmoqda.

 Sohibqiron tadbirkorlarga kredit berganmi?

Amir Temur davlatni boshqarishda iqtisodiy barqarorlikka va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlashga juda katta e’tibor qaratgan.

Xususan, savdogar va hunarmandlarni uch toifaga bo‘lib, yordam ko‘rsatgan:

sarmoyasidan ayrilgan savdogarlar, agar biror savdogar o‘z mablag‘ini yo‘qotib qo‘ysa, unga davlat xazinasidan o‘z ishini qayta boshlashi uchun yetarli miqdorda sarmoya berilgan;

ishi yurishmagan tadbirkorlar, mablag‘i kama­yib qolganlarga ishini yurgizib olishi uchun zarur bo‘lgan asbob-uskunalar yoki xomashyo olishga ko‘mak berilgan;

chet ellik savdogarlar, boshqa davlatlardan kelgan savdogarlarga bojxona imtiyozlari berilgan va ularning xavfsizligi to‘liq kafolatlangan.

Dehqonchilik bilan shug‘ullanuvchilar uchun ham o‘ziga xos “kredit” tizimi mavjud edi:

ilk hosilgacha ko‘mak, tashrov (qarovsiz) yerlarni o‘zlashtirgan tadbirkorlarga birinchi yili hech qanday soliq solinmagan;

urug‘lik va ozuqa, dehqonlarga yerni haydash uchun kerakli urug‘lik, bo‘yinturuq (ish hayvonlari) va asbob-uskunalar berilgan;

sug‘orish tizimi, davlat hisobidan yangi kanallar va ariqlar qazilib, yerning unumdorligi oshirilgan.

“Agar biron bir savdogarning sarmoyasi qo‘lidan chiqib ketgan bo‘lsa, unga xazinadan o‘z ishini yuritib olishi uchun sarmoya berilsin. Hunarmand va kosiblarga esa ishlarini davom ettirishlari uchun asbob-uskunalar va xomashyo­lar berilsin”.  Anglashiladiki, Amir Temur iqtisodiy tizimining o‘ziga xosligi va maqsadi – foyda olish emas, balki aholi farovonligi va davlat xazinasiga soliq tushumini ta’minlash bo‘lgan. Uning sarmoyalari natijasida tadbirkor ishini o‘nglab olganidan so‘ng, bo‘lib-bo‘lib qaytarish imkoni bo‘lgan, ya’ni o‘zini o‘nglab olishiga imkon yaratilgan. 

Xo‘sh, bu tizim bugungi zamonaviy mikrokreditlash yoki grant tizimimizga juda yaqin emasmi? Bu nafaqat iqtisodiy, balki ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash mexanizmi bo‘lib, mamlakatda “kuchli tadbirkor – kuchli davlat” tamoyili, xususan, davlatning iqtisodiy qudrati aynan yerga bo‘lgan munosabat va dehqonni qo‘llab-quvvatlash orqali shakllandi. Davlat rahbari dehqonni nafaqat mahsulot yetishtiruvchi, balki strategik tadbirkor sifatida ko‘radi.

Hozirda dehqon va fermerlarni qo‘llab-quvvatlash to‘liq moliyaviy institutlar va raqamli tizimlar orqali amalga oshirilmoqda:

imtiyozli kreditlar – paxta va g‘alla yetishtirish uchun yillik 10 foizdan 14 foizgacha bo‘lgan (inflyasiyadan past) imtiyozli kreditlar beriladi;

“Har bir oila – tadbirkor” dasturi – dehqon xo‘jaliklari va tomorqa egalariga garovsiz yoki soddalashtirilgan tartibda (mahallabay tizimida) kreditlar ajratiladi;

lizing tizimi – zamonaviy texnika (traktorlar, kombaynlar) dehqonlarga uzoq muddatli lizing (ijaraga sotib olish) asosida beriladi, bu Temur davridagi “bo‘yin­turuq berish” an’anasining zamonaviy ko‘rinishidir;

subsidiyalar – suv tejovchi texnologiyalar (tomchilatib sug‘orish) o‘rnatgan dehqonlarga davlat xarajatlarning bir qismini qaytarib beradi (qaytarib berilmaydigan moliyaviy yordam).

O‘zbekistonda yangi yer o‘zlashtirgan, bog‘ yaratgan yoki tadbirkorlik boshlagan shaxslar uchun berilayotgan imtiyozlar tizimi Amir Temurning “tashrov yerlarni obod qilganga soliq imtiyozi berish” an’anasining zamonaviy va kengaytirilgan ko‘rinishidir. Masalan, qishloq xo‘jaligida tadbirkorlik boshlayotganlar uchun davlat tomonidan qator qo‘llab-quvvatlash choralari mavjud. Yangi barpo etilgan bog‘lar, tokzorlar va tutzorlar egallagan yerlar uchun ushbu yerlar qator oralariga ekin ekilganligidan qat’i nazar, 3 yil muddatga yer solig‘idan ozod qilinadi. Agar dehqon yangi yerda tomchilatib yoki yomg‘irlatib sug‘orish tizimini o‘rnatsa, davlat har bir gektar uchun 8 million so‘mdan 10 million so‘mgacha xarajatlarni qop­lab beradi. Yangi o‘zlashtirilayotgan yerlarga elektr energiyasi va suv chiqarish uchun nasoslar o‘rnatish xarajatlarining bir qismi davlat tomonidan subsidiya shaklida to‘lab beriladi.

Yangi ish boshlayotgan shaxslar uchun garovsiz yoki imtiyozli shartlarda kreditlar beriladi. Oilaviy tadbirkorlik uchun hokim yordamchisi tavsiyanomasi bilan yillik 14 foiz (imtiyozli) stavkada kreditlar ajratiladi. Sarmoya olingandan so‘ng dastlabki 6 oydan 1 yilgacha faqat foizlar to‘lanadi, asosiy qarz to‘lovi esa keyin boshlanadi (bu tadbirkorga ishini yo‘lga qo‘yib olish uchun vaqt va imkon beradi).

Muayyan sohalarda imtiyozlar yanada ko‘proq. Jumladan: hunarmandchilikda – “Hunarmand” uyushmasi a’zolari daromad solig‘idan to‘liq ozod etilgan; pillachilik va qorako‘lchilikda yangi xo‘jalik tashkil etganlar uchun yer solig‘i va mulk solig‘i stavkalari pasaytirilgan, turizm  – oilaviy mehmon uylarini tashkil etganlar uchun soliq stavkalari sezilarli darajada past va tekshiruvlar bo‘yicha moratoriy amal qiladi. Yangi tahrirdagi Konstitutsiya va qonunchilikka ko‘ra tadbirkorning mulki daxlsizdir. Davlat organining noqonuniy qarori natijasida tadbirkorga yetkazilgan zarar davlat tomonidan to‘liq qoplanadi.

Bundan tashqari, savdo va tadbirkorlik sohasidagi huquqbuzarliklar uchun jazo choralari sezilarli darajada yumshatildi. Iqtisodiy jinoyatlar uchun qamoq jazosi o‘rniga jarima qo‘llanildi. Agar tadbirkor yetkazilgan moddiy zararni to‘lasa, unga nisbatan ozodlikdan mahrum qilish jazosi qo‘llanilmaydi. 2017 yilgi tarixiy islohot – valyuta bozorining erkinlashtirilishi (Prezidentimizning “Valyuta siyosatini liberallashtirish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni, 2017 yil 2 sentyabr, 5177) bilan savdogarlarning o‘z daromadlarini erkin konvertatsiya qilish va chet el valyutasida operatsiyalar o‘tkazish huquqi qonuniy kafolatlandi.

Mulk huquqi daxlsizligi kuchaytirildi. Davlat rahbarining bir nechta farmonlari bilan “snos” (binolarning buzilishi) va yer uchastkalarini olib qo‘yish tartibi qat’iylashtirildi. Endilikda tadbirkorning mulkini jamiyat ehtiyojlari uchun olib qo‘yish faqat sud qarori va oldindan kompensatsiya to‘langandan keyingina amalga oshiriladi. Xususiy mulk daxlsizligi Konstitutsiyaning yangi tahririda alohida mustahkamlandi.

Bundan tashqari, hokimlarning tadbirkorlarga tegishli qarorlari “E-qaror” – ochiq tizimga joylashtirilib, ularning qonuniyligi Adliya vazirligi tomonidan tekshiriladi. Savdogarlar uchun ruxsatnoma va litsenziyalar olishdagi byurokratiyaga chek qo‘yildi, inson omilisiz raqamli tizimga (Davlat xizmatlari markazi) o‘tkazildi...

 Ikki davr – bir maqsad

Xulosa esa bitta: Amir Temurning “Temur tuzuklari” va Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan O‘zbekiston Respublikasining yangilangan Konstitutsiyasi, huquqiy hujjatlar, shuningdek, har yili Oliy Majlis hamda O‘zbekiston xalqiga yo‘llanayotgan Murojaatnomalar, Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi kabi dasturlar orasida hayratlanarli o‘xshashliklar mavjud. Quvonch bilan aytish mumkinki, Yangi O‘zbekistonning poydevori buyuk va qudratli bobolarimizning davlatchilik an’analaridan ibratlanib, ulug‘ maqsadlarga erishish niyati bilan qo‘yilgan.

Yangi O‘zbekistonda yangilangan Konstitutsiyamiz asosida olib borilayotgan ijtimoiy-huquqiy evrilishlar va qonunlarimizdagi ko‘plab normalar aslida xalqimizning qon-qoniga singib ketgan va Amir Temur davrida shakllangan davlatchilik an’analarining zamonaviy huquqiy til bilan yozilgan ko‘rinishidir. Ulug‘lardan ruhlangan holda boshlangan xayrli ishlarning natijasini esa hammamiz ko‘rib turibmiz!

Nurxon Elmirzayeva.