Bojxonachilar 5 oyda10 kilogrammga yaqin giyohvandlik moddasini musodara qildi

Viloyat Matbuot uyida tashkil etilgan matbuot anjumanida viloyat bojxona boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Anvar Muhammadiyev ishtirok etib, joriy yilning o‘tgan 5 oyi mobaynida bojxonachilar tomonidan amalga oshirilgan ishlar bo‘yicha ma’lumot berdi.

Unga ko‘ra, boshqarma tomonidan 5 oyda davlat byudjetiga 1 trillion 485,9 milliard so‘m tushum (104,5 foiz) qilingan. Bu davrda tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida bojxona to‘lovlaridan 1 trillion 629,9 milliard so‘mga yaqin imtiyoz va tarif preferensiyalari qo‘llanilgan.

- Eksport hajmi 458,4 million dollarni tashkil etdi, - deydi A.Muhammadiyev. - Aniqlangan 980 ta huquqbuzarlik sababli 17 milliard so‘mdan ziyod tovar va transport vositalarning noqonuniy aylanmasiga chek qo‘yildi. Bundan tashqari, 18 holatda qariyb 10 kilogramm giyohvandlik moddasi ushlab qolindi. Shuningdek, 11 marta alkogolli mahsulotlarning noqonuniy aylanmasi fosh etilib, 223,3 million so‘mdan ziyod 2.889 litr alkogol mahsulotlari hamda 1,2 milliard so‘mlik 19.836 quti tamaki mahsulotlarining noqonuniy aylanmasi to‘xtatib qolindi.

Bojxonachilar, shuningdek, 1,4 mlrd. so‘mlik 103 487 dollari valyuta qimmatliklari bilan bog‘liq noqonuniy harakatlarni aniqlashgan.

Tadbir yakunida jurnalistlar bojxona deklaratsiyasi to‘ldirish, xorijdan mol-mulk olib kelish hamda zargarlik buyumlari bilan bog‘liq qator savollariga soha mutaxassislaridan javob olishdi.

Dilmurod TO‘XTAYeV.