Respublikamizdan moddiy-ma’naviy qimmatliklarni olib chiqish ko‘paygan
Joriy yilning 10 oyida davlat byudjetiga undirilgan bojxona to‘lovlari 2,72 trillion so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, tadbirkorlik sub’yektlarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida bojxona to‘lovlaridan 1,81 trillion so‘mga yaqin imtiyoz va preferensiyalar qo‘llanilgan.
Imtiyozlar asosan texnologik asbob-uskunalar, transport vositalari, MDH davlatlarida ishlab chiqarilgan dori vositalari va 22 turdagi oziq-ovqat mahsulotlariga qo‘llaniladi. Bu asosan ichki ehtiyojni qondirish uchun ishlatiladi. Bojxona tizimida to‘lovlarni kechiktirib to‘lash tartibi soddalashtirilgan va yilning o‘tgan davrida tadbirkorlarga 617,9 milliard so‘m miqdorida bojxona to‘lovlarini to‘lashda ushbu imkoniyatdan foydalangan.
Bu haqda viloyat bojxona boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Anvar Muhammadiyev ishtirokida o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lumot berildi.
- Viloyat bojxonachilari tomonidan 2024 yilning 10 oyida aniqlangan 1404 ta huquqbuzarlik holatlarida jami 33 milliard 778,5 million so‘mlik tovar va transport vositalarining noqonuniy aylanmasiga chek qo‘yildi, - deydi A.Muhammadiyev. - Shundan, 1238 ta ma’muriy va 55 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Bundan tashqari, giyohvandlik vositalari bilan bog‘liq 31 holatda jami 43,6 kilogramdan ortiq giyohvandlik moddasi aniqlandi. 9 holatda 1 milliard so‘mdan ziyod 17 892 litr alkogol mahsulotlari hamda 26 holatda 204 million so‘mdan ziyod 8539 quti tamaki mahsulotlarining noqonuniy aylanmasi to‘xtatib qolindi.
Yurtimizdan moddiy va ma’naviy qimmatliklarni olib chiqish holatlari ham ortmoqda. 2023 yilda bu borada 3 holat kuzatilgan bo‘lsa, joriy yilning 10 oyida 12 holatda 77 dona qadimiy ashyolarning noqonuniy olib chiqilishining oldi olindi.
Valyuta qimmatliklarini noqonuniy harakati bilan bog‘liq 139 holatda 6 milliard 207 million so‘mlik 417 ming 833 AQSh dollari aniqlandi. Shuningdek, zargarlik buyumlarining noqonuniy aylanishiga qarshi kurashish borasida 69 holatda 5,4 milliard so‘mlik 10,3 kilogramm zargarlik buyumlari ashyoviy dalil sifatida ushlab qolindi. Shuningdek, 12 holatda 1486 dona psixotrop va kuchli ta’sir qiluvchi tabletkalar, 4 holatda 153 ming 737 dona pirotexnika vositalari aniqlandi va vaqtincha saqlovga olindi.
Ma’lumot uchun, yilning o‘tgan davrida bojxona boshqarmasida tashqi iqtisodiy faoliyat qatnashchilari tomonidan 724,9 million dollarlik eksport amalga oshirilgan. Bu 2023 yilga nisbatan 96 million dollar yoki 15,3 foizga ko‘paygan.
Eksport tarkibida meva-sabzavot mahsulotlari 170,3 million dollar yoki 23,5 foiz, metallar va ulardan tayyorlangan buyumlar 142,1 million dollar yoki 19,6 foiz, transport va uning ehtiyot qismlari 93,5 million dollar yoki 12,9 foiz, oziq-ovqat mahsulotlari 81,6 million dollar yoki 11,3 foiz, boshqa tovarlar 81,5 million dollar yoki 11,2 foizni tashkil etgan.
Yurtimizga import qilingan tovarlar esa 1759,6 million dollarni tashkil etgan. Import qilingan mahsulotlarning asosiy qismini metall va undan tayyorlangan buyumlar tashkil etgan - 363,1 million dollar. Transport va uning ehtiyot qismlari 266,8 million dollarni, texnologik asbob-uskunalar 262,6 million dollarni, farmatsevtika mahsulotlari 212,5 million dollarni, oziq-ovqat mahsulotlari 97,2 million dollarni, boshqa tovarlar 294,3 million dollarni tashkil etgan.
O‘ktam XUDOYBERDIYeV.