Senator pirotexnika masalasida Bojxona qo‘mitasi raisiga so‘rov yubordi

Mamlakatimizda pirotexnika vositalarini qonunga xilof ravishda ishlab chiqarish, respublika hududiga olib kirish, tashish, saqlash va sotish taqiqlangan.

Shunga qaramay, Yangi yil bayrami arafasida mamlakatning barcha hududlarida bo‘lgani kabi Toshkent shahrida ham pirotexnika vositalaridan keng ko‘lamda foydalanildi. Bu, o‘z navbatida, aholining haqli e’tirozlariga sabab bo‘ldi. Oliy Majlis Senatining Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi raisi Qutbiddin Burxonov Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Bojxona qo‘mitasi raisiga senator so‘rovini yubordi.

Unda pirotexnika vositalari bilan bog‘liq holatlardan, ayniqsa, keksalar, bemorlar, yosh bolalar va boshqa toifadagi fuqarolarning bayram kunlari tinchligi buzilgani, bu holat ijtimoiy tarmoqlarda ko‘p muhokama etilib, foydalanuvchilarning bojxona organlariga e’tirozlari bayon qilingani aytib o‘tildi.

Shuningdek, so‘rovda bojxona organlari tomonidan pirotexnika vositalari bilan bog‘liq ko‘plab qonunbuzarliklar bartaraf etilgani haqida OAV orqali chiqishlar qilingani, Yangi yil bayrami kechasida esa bunday choralar kutilgan samarani bermagani qayd etildi.

Shulardan kelib chiqib, senator Bojxona qo‘mitasi raisidan pirotexnika buyumlarini qonunga xilof ravishda mamlakatimizga olib kirish va olib chiqish yoki o‘tkazish bilan bog‘liq salbiy holatlar nima sababdan to‘liq bartaraf etilmayotgani, mazkur vositalarning noqonuniy aylanishiga qanday omillar sabab bo‘layotgani yuzasidan ma’lumot taqdim etishini so‘ragan.

Shu bilan birga, qonunchilikda bu borada qanday bo‘shliqlar mavjudligi, qayd etilgan qonunbuzarliklarni to‘liq bartaraf etish bo‘yicha bojxona organlari tomonidan tezkor ravishda amalga oshiriladigan choralar haqida ma’lumotlar, shuningdek, Oliy Majlis Senatiga tegishli takliflar taqdim etish so‘raldi.