Bojxonachilar pirotexnika savdosiga chek qo‘ydi
Odatda Yangi yil bayrami arafasida pirotexnika vositalarni ko‘cha-ko‘yda pullab, mo‘maygina daromad qilishni maqsad qilgan uddaburonlar ko‘p uchrar edi. Buni qarangki, yoz bo‘lishiga qaramay ayrim kimsalar paqildoqlarni oldi-sotdisi bilan ham shug‘ullanib yurgan ekan.
Olingan ma’lumotlar asosida Samarqand viloyati bojxona boshqarmasi kontrabandaga qarshi kurashish va bojxona auditi bo‘limi xodimlari Samarqand shahridagi Amir Temur ko‘chasida tezkor tadbir o‘tkazdi. Natijada fuqaro X.B. pirotexnika vositalarini sotmoqchi bo‘lgan vaqtida to‘xtatib qolindi.
Xolislar ishtirokida uning mulklari ko‘zdan kechirilganda taxminiy qiymati 2 500 000 so‘mlik “Volk” yozuvli pirotexnika vositalari borligi aniqlandi.
Mazkur pirotexnika vositalari ashyoviy dalil sifatida olib qo‘yilib, holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.
Samarqand viloyati bojxona boshqarmasi axborot xizmati.