Tadbirkorlik kodeksi Senatda ko‘rib chiqildi
Qizg‘in muhokamadan so‘ng kodeks senatorlar tomonidan ma’qullandi.
Tadbirkorlik kodeksida 100 dan ortiq qonunchilik hujjatlarini unifikatsiya qilish nazarda tutilgan bo‘lib, uning asosiy maqsadi — tadbirkorlik sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.
Shuningdek, Kodeks bilan:
— fuqarolarning tadbirkorlik faoliyatida erkin ishtirok etishi va undan manfaatdor bo‘lishi uchun kafolatlar hamda sharoitlar yaratish, xususiy mulk, shuningdek tadbirkorlik sub’yektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish belgilanmoqda;
— tadbirkorlik sub’yektlari kichik, o‘rta va yirik toifalarga ajratilmoqda (amalda toifa sifatida faqat kichik tadbirkorlik sub’yekti mavjud edi);
— yakka tartibdagi tadbirkorlar shug‘ullanishi mumkin bo‘lmagan faoliyat turlari belgilangan holda ularga qonunchilikda taqiqlanmagan har qanday faoliyatni amalga oshirish huquqi berilmoqda;
— ijtimoiy tadbirkorlik, ijtimoiy korxona, aholining ijtimoiy ehtiyojmand qatlamlari ro‘yxati va ularni, jumladan nogironligi bo‘lgan shaxslarni qo‘llab-quvvatlashning mexanizmlari belgilanmoqda;
— biznes-inkubatorlarning huquqiy maqomi, maqsad va vazifalari belgilanmoqda hamda davlat korxonalariga raqobatni cheklovchi imtiyoz va preferensiyalar berish taqiqlanmoqda.