Qiyotda hayot o‘zgardi
"Obod xonadon - obod ko‘cha - obod mahalla" mezonlarini joriy etish asosida Ishtixon tumani Qiyot mahallasida joriy yilning yanvar oyida boshlangan ishlar yakuniga yetdi.
Shu munosabat bilan bugun mahallada tadbir tashkil etildi. Unda ’’Nuroniy’’ jamg‘armasi boshqaruvi raisi Sodiqjon Turdiyev, respublika ishchi guruhi a’zolari, viloyat hokimligi va 2-sektor rahbari, prokuratura xodimlari, tuman hokimligi, mahalla va “Nuroniy” jamg‘armasi vakillari va faollari ishtirok etdi.
Tadbir erta tongdan ’’Sog‘lom hayot uchun 5000 qadam’’ shiori ostidagi yurish marafoni bilan boshlandi. Unda 3 mingdan ziyod aholi va harbiy xizmatchilar ishtirok etdi.
Ta’kidlash lozimki, Qiyot mahallasi Ishtixon tumanining hududiylik jihatidan eng katta, ijtimoiy-iqtisodiy sharoiti og‘ir toifadagi hududi hisoblanib, maydoni 224 gektarni tashkil etadi. Bu yerda 9 ta qishloq bo‘lib, ko‘chalari soni 35 ta. Mahallada 1163 ta xonadon, 1285 ta oila bor, ularda 6330 nafar aholi istiqomat qiladi.
- “Obod xonadon” mezonlarini joriy etish yo‘nalishidagi ishlar natijasida o‘ta og‘ir sharoitda yashovchi, ehtiyojmand toifadagi 13 nafar oilaning turar-joylari joriy va kapital ta’mirlab berildi, - deydi viloyat Xalq qabulxonasi mudiri M.Turdiyev. - 622 ta ta’mirga muhtoj xonadon ta’mirdan chiqarilib, obodonlashtirildi. 370 dan ortiq xonadonni elektr energiyasi, suv, gaz balloni bilan ta’minlash, internet tarmog‘iga ulash, chiqindini olib ketish bilan bog‘liq muammolari hal qilindi.
Mahallaning Qiyot, Xo‘jalar, Mevali-1, Mevali-2, Do‘rmon, Boylar, Chinoq-1, Chinoq-2 va Tog‘oyko‘l qishloqlarida yashovchi 752 ta xonadon tomorqasi fermerlar va homiylar ko‘magida shudgorlanib, bahorgi ekinlar ekildi.
Tadbirlar davomida mahalladagi barcha xonadonda yong‘inga qarshi xavfsizlik holatlari o‘rganildi, 998 ta xonadonda dezinfeksiya ishlari olib borildi hamda 762 dan ortiq yirik shoxli va boshqa turdagi uy hayvonlari dezinfeksiya qilinib, yuqumli kasalliklarga qarshi emlandi.
Mahalladagi 2 nafar fuqaro doimiy ishga joylashtirildi, 16 nafari kasb-hunarga o‘qitildi, 36 nafar fuqaro jamoat ishlariga jalb etilib, 71 nafar fuqaroning o‘zini-o‘zi band qilishi, 17 nafarining tadbirkorlik faoliyatini boshlashiga yordam ko‘rsatildi.
Aholi salomatligini yaxshilash maqsadida 2851 nafar aholi chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, 24 nafar fuqaroga davolanish uchun viloyat shifoxonalariga order berildi, 11 nafar fuqaroga reabilitatsiya-texnik vositalari yetkazilib, 1675 nafar fuqaroga bepul dori-darmon tarqatildi.
Aholining muhtoj qatlamiga ijtimoiy yordamlar ko‘rsatish masalalari ham e’tibor markazida bo‘ldi. Jumladan, 20 nafar ijtimoiy daftarlarda turgan fuqaroga 108 mln. so‘mlik turli yordamlar ko‘rsatildi, 10 nafar fuqaroga bank krediti olishda ko‘maklashildi, 17 nafar shaxsga 106 mln. so‘mlik asbob-uskunalar xarid qilish uchun subsidiyalar ajratildi.
“Obod ko‘cha”, “Obod mahalla” mezonlarini joriy etilishi natijasida mahalla hududidagi ichki ko‘chalarning 7,0 kilometr qismi asfalt qoplamasi bilan ta’mirlandi 2,7 kilometr qismiga asfalt yotqizildi, 35,2 km. ichki tuproq yo‘llarga qum-shag‘al to‘shaldi, 5 ta qabristonda obodonlashtirish ishlari tashkil etildi, 3,9 km. ariq-zovurlar tozalandi, 1,7 km. uzunlikdagi piyodalar yo‘lagi barpo etildi. Bundan tashqari, 5 ta transformator punkti yangidan o‘rnatilib, 14 ta transformator kapital ta’mirlandi, 14,1 km. SIP kabellar tortildi, 2,8 km. uzunlikdagi yangi elektr tarmog‘i tortildi, 510 ta yangi temir-beton ustunlari o‘rnatildi, mahalla hududining asosiy ko‘chalari 100 ta tungi yoritish chiroqlari bilan ta’minlandi.
Mahallada amalga oshirilgan ulkan bunyodkorlik va qurilish ishlari davomida homiylik va hashar yo‘li bilan ikki qavatli 5 ta xonadan iborat zamonaviy mahalla binosi barpo etilib, “mahalla yettiligi” faoliyati uchun barcha shart-sharoitlar yaratib berildi, binoning 2-qavatida xotin-qizlar uchun tikuvchilik sexining faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
Mahalla aholisi uchun 9 ta yangi “Workout” sport maydonchalari tashkil etildi. Shuningdek, aholi, ayniqsa yoshlarni sport bilan shug‘ullanishlari uchun mahalladagi futbol maydoni ta’mirlanib, qariyb 1200 metr piyodalar yo‘lagi barpo etildi.
Qiyot qishlog‘idagi eski oilaviy shifokorlik punkti qayta ta’mirlanib, zarur jihozlar bilan ta’minlangan “Zarafshon” oilaviy shifokorlik punkti hamda tez tibbiy yordam shoxobchasi tashkil qilindi. Bundan tashqari, erkaklar sartaroshxonasi, ayollar go‘zallik saloni, 3 ta avtobekat, 4 ta oziq-ovqat do‘koni, "Otalar choyxonasi", dorixona hamda 3 ta boshqa turdagi savdo markazlari barpo etilib, foydalanishga topshirildi.
Tadbir davomida “Uch avlod uchrashuvi”, “Bir nuroniyga o‘n nafar yosh”, “Men yosh kitobxonman” loyihalari va turli sport musobaqalari tashkil etildi. Mahalladagi qurilish-obodonlashtirish ishlarida faol ishtirok etgan quruvchi va bunyodkorlarga esdalik sovg‘alari topshirildi. “Eng obod xonadon”, “Eng obod ko‘cha” tanlovlari g‘oliblari munosib taqdirlandi.