Tahririyatda zamonaviy media markaz ish boshladi

Viloyat “Zarafshon” va “Samarkandskiy vestnik” gazetalari tahririyati hamda Zarnews.uz veb-sayti qoshida media markaz ochildi.

Markaz zamonaviy media uskunalari, yuqori sifatli audio va videoyozuv vositalari bilan jihozlangan bo‘lib, nafaqat bosma nashrlar, balki raqamli platformalar uchun ham sifatli kontent yaratish imkonini beradi. Endi tahririyat xodimlari intervyu, podkast, videoreportaj va turli media loyihalarni shu yerning o‘zida tayyorlay oladi.

Viloyatdagi taniqli jurnalist va blogerlar, nuroniylar hamda keng jamoatchilik vakillari ushbu media markaz faoliyati bilan tanishar ekan, axborotni tezkor, xolis va zamonaviy formatlarda yetkazishda muhim o‘rin tutishini ta’kidladilar.

- Bugungi kunda axborot maydonida raqobat juda kuchli, - deydi xalq deputatlari viloyat Kengashi kotibiyat mudiri Saidahmad Usmonov. - Odamlar nafaqat tezkor, balki ko‘p formatli, ya’ni matn, audio va videoni o‘z ichiga olgan kontentni kutadi. Bir xabarni turli formatda taqdim etish orqali uning ta’sirchanligi va qamrovi bir necha barobarga oshadi. Ushbu kontent markazi ana shu imkoniyatlarni amalda qo‘llash uchun juda qulay platforma. Eng muhimi, bu yerda yosh jurnalistlar multimedia ko‘nikmalarini ham o‘rganishi mumkin.