“Qishloqilar” aybdormi?
Yana o‘sha, biz allaqachon ko‘nikib qolgan, ko‘ngilni xira qiladigan manzara. Yaqindagina, hali qurib, bitkazilganiga bir necha oy bo‘lgan bu maydonchani bir aylanib kelsangiz, ta’bingiz xira bo‘ladi.
Gap Samarqand shahridagi Ko‘ksaroy mahallasida, yaqindagina foydalanishga topshirilgan bolalar maydonchasi haqida ketmoqda. Ushbu bolalar maydonchasi zavqli bir o‘yingoh edi, hozir borsangiz, pista po‘choqlariyu, plastik idishlar va turli shirinliklar o‘ramalari bilan chiqitxonaga aylanib bo‘libdi.
Atrofdagilar bilan suhbatlashib, maydoncha nega bu ahvolga kelib qolganini surishtirsangiz, hammasini javobi bir xil. “Ey, shu qishloqdan kelganlar qiladi-da. Bilasizku, bu hududda talabalar, qishloqdan kelib ijarada yashayotganlar ko‘p” degan javobni berishadi.
Darvoqe, shu mahalla ahlining baxtiga bu yerda Slava amaki degan qariya ham o‘ziga xos bir bolalar maydonchasi tashkil qilgan. Gulu, daraxtlar ekib, atrofni chiroyli bir maydonga aylantirib qo‘ygan. Har kuni erinmay shu maydoncha atrofida g‘imirlab yuradi. Daraxtlarni sug‘oradi, begona o‘tlarni tozalaydi. Hech og‘rinmay chiqitlarni ham tozalab chiqadi. 80 yoshi otaxonning shunday mehnat qilayotganini ko‘rgan yoshlar afsuski, undan ibrat olmaydi. Aksincha, Slava amaki yasagan arg‘imchoqlarda uchib, atrofga pista po‘chog‘iyu, plastik idishlarni otib, soatlab hiringlab o‘tirishadi. Darvoqe, shu yerda onalar ham bolalarini arg‘amchiqlarda uchishga olib chiqishadi. Lekin bu yerdagi chiqitlarga parvo qilmaydi, xuddi shunday bo‘lishi kerakday, bamaylixotir, qo‘shni kelinlar bilan hangomadan bo‘shamaydi.
Keyingi paytlarda ijtimoiy tarmoqlarda Samarqand shahriga ko‘rk berib qurilgan Qorasuv massividagi uy-joylarning liftiyu, pod’yezdlaridagi noxush holatlar haqida juda ko‘p videolaru, chiqishlar tarqalib ketdi. Bu yerdagi tozalik holatidan norozilar shunchalik ko‘payib ketdiki, qaysidir ma’noda bu hududdan uy olish istagida bo‘lganlar bu fikridan qayta boshladi.
Odamlar bilan suhbatlashsangiz, yana o‘sha gapni takrorlashdi: Qishloqilar ko‘chib kelishgan, hamma yoqni rasvo qilib tashlashdi!” Ijirg‘anib aytilgan bu fikrlarni eshitish kishiga og‘ir botadi. Chunki hammamizning ildizimiz qishloqqa borib taqaladi. Va eng qizig‘i, ozodalik haqida gap ketganda qishloqdagilar bu masalada doim bizga ibrat bo‘lib kelgan. Hovlilarni supurib sidirishu, tandirxonalardagi tozalik qishloq ahli uchun doim eng muhim yumushlardan biri bo‘lib kelgan. Aholi mahalla ko‘ydan uyalganidan ham atrofni obod qilib qo‘yishga intilgan. Kosa-tovog‘ini qanday yuvishgacha, hatto suv yo‘q hududlarda ham chinniday tozalikka e’tibor azaldan momolarimizning asosiy ish mezoni bo‘lib kelgani rostku. Qiziq, qachondan boshlab “qishloqilar” notozalikka yondosh bo‘lib qolishdi. Qachondan beri ular ko‘chib kelgan hududdan odamlar ijirg‘anadigan ahvolga keldik?
Shunday bo‘lsa ham, nega hammamiz atrofimizdagi bu notozalikka jim qarab turamiz. Nega bir-birimizni koyimaymiz, tanbeh bermaymiz. Axir atrofimizni sarishta asrash, tabiatimiz musaffoligini saqlashning bundan boshqa usuli yo‘qku.
Gulruh MO‘MINOVA.