“Yashil makon” – kelajakka ekilayotgan hayot daraxti

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev mamlakatimizda yana bir xayrli va ezgu tashabbusga asos soldi.  “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida ko‘chat ekish tadbirida ishtirok etib, Milliy dendrologiya bog‘ini barpo etishga start berdi.

Bu tashabbus nafaqat bugungi kun, balki kelajak avlodlar uchun ham beqiyos ahamiyatga ega bo‘lgan ulkan ekologik harakatdir. Zero, ko‘chat ekish nafaqat dunyoviy, balki diniy jihatdan ham yuksak savobli amal hisoblanadi. Islom ta’limotida tabiatni asrash, yerga g‘amxo‘rlik qilish va daraxt ekish katta fazilat sifatida ulug‘langan. Payg‘ambarimiz hadislarida shunday deyiladi: “Agar bir musulmon daraxt eksa yoki ekin ekib, undan inson, qush yoki hayvon iste’mol qilsa, bu unga sadaqa bo‘ladi”. Bu hadisdan ko‘rinib turibdiki, daraxt ekish doimiy savob manbai bo‘lib, inson hayotidan keyin ham uning savobi davom etib turadi.

Qolaversa, daraxtlar atrof-muhit uchun beqiyos ahamiyatga ega. Ular havodagi zararli gazlarni yutib, kislorod ajratadi, iqlimni yumshatadi, tuproqni mustahkamlaydi va chang-to‘zonni kamaytiradi. Shu bilan birga, daraxtlar inson salomatligiga ijobiy ta’sir ko‘rsatib, toza havo manbai bo‘lib xizmat qiladi, ruhiy xotirjamlikni ta’minlaydi va hayot sifati yaxshilanishiga hissa qo‘shadi.

Prezidentimiz tomonidan amalga oshirilayotgan bunday xayrli ishlar xalqimiz ongida tabiatga mehr, ekologik madaniyat va mas’uliyatni yanada mustahkamlashga xizmat qilmoqda. Ayniqsa, yosh avlodni ko‘chat ekish va uni parvarishlashga jalb etish orqali ularning tabiatga bo‘lgan munosabati ijobiy tomonga o‘zgarmoqda.

Samarqandliklar Prezident tashabbusini qo‘llab-quvvatlab, Xishrav qo‘rg‘onining Yashil texnikum hududidagi 5 gektar maydonda Samarqand dendrologiya bog‘ini tashkil etdi. Ushbu tadbirda viloyat hokimligi va keng jamoatchilik vakillari faol ishtirok etib, 2500 tup ko‘chat ekildi.

“Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida amalga oshirilayotgan ishlar yurtimizni yanada obod, yashil va ekologik toza hududga aylantirish yo‘lidagi muhim qadamdir. Har bir fuqaro bu tashabbusni qo‘llab-quvvatlab, ko‘chat ekish va uni asrab-avaylashga hissa qo‘shsa, kelajak avlodlarga sog‘lom va go‘zal muhitni meros qilib qoldirish imkoniga ega bo‘lamiz.

Akram Haydarov,

O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi Samarqand viloyat bo‘limi rahbari.