Bobur Mirzoning qalbini rom etgan Xurosonning ul go‘zali kim erdi?

Buyuk shoh va sarkarda, benazir shoir, o‘zbek mumtoz adabiyotining yirik vakili Zahiriddin Muhammad Bobur jahon madaniyati rivojiga ulkan hissa qo‘shgan. Temuriyzoda hukmdor 47 yillik umri davomida ko‘plab ulug‘ ishlarni amalga oshirib, o‘zidan beqiyos moddiy va ma’naviy meros qoldirdi. Shoirning dilbar g‘azallari, purma’no ruboiylari, betakror “Boburnoma”si, musiqa, tarix, geografiya ilmiga oid durdona asarlari uning naqadar serqirra iste’dod egasi ekanidan darak beradi.

Badiiy nasrning betakror namunasi bo‘lgan “Boburnoma” tarixiy-memuar asari dunyoning 70 dan ortiq mamlakatlari muzeyidan joy olgan. Bu shoh asar 30 dan ortiq tilga tarjima qilingan.

Tarixdan ma’lumki, har bir buyuk inson ortida buyuk ayol turadi. Xususan, hukmdorlarning hayotida, olamshumul zafarlarida, ravnaqi va hatto inqirozida ham malikalar katta o‘rin tutgan. Zahiriddin Muhammad Boburning katta ayoli Mohim begim ham temuriylar tarixidagi nihoyatda xushxulq, teran ilm sohibasi bo‘lgan malikalardan biri edi.

Tarixiy manbalarda Mohim begimning ota-onasi to‘g‘risida aniq ma’lumotlar yo‘q. Ammo uning XV asrning oxirlarida Xurosonda tug‘ilgani taxmin qilinadi.

Bobur ham “Boburnoma“da Mohimni nikohiga olgani haqida yozar ekan, qizning oilasi haqida to‘xtalmagan. Ayrim tarixchilar Mohim begim Xost shahri hokimi Xoja Muhammad Alining singlisi bo‘lganini aytishadi. Boburning o‘zi ham tez-tez bu shaharga borib turar, uning bir qancha farzandlari shu yerda tug‘ilgandi.

1506 yilda Xuroson hukmdori Husayn Boyqaroning o‘limi munosabati bilan bu shaharga kelgan Bobur Mohim begimni uchratib qolgan va uni nikohiga olgan. Mohim begimning oilasi Husayn Boyqaro xonadoniga aloqador bo‘lishi ham mumkin.

Mirzo Bobur har sohada Mohim begimga suyanar, fikrlarini tinglab, oilaviy muhitning nazoratini unga topshirgan edi. Unga Boburiylar saltanatidagi eng katta unvonlardan biri – “Podshoh begim” unvoni beriladi.

Mohim begim ham husnu latofatda, ham fahmu farosatda Bobur mirzoning didiga munosib ayol edi. Mohim ko‘pgina safarlarida Boburga hamrohlik qilgan. Mohim begim Humoyundan keyin yana ikki o‘g‘il va ikki qiz – Borbul, Foruq, Mehr-Jahon begim va Eson Davlat begim ismli farzandlarni dunyoga keltirgan bo‘lsa-da, ular go‘dakligidayoq nobud bo‘lishgan.

Bobur hatto boshqa ayoli dunyoga keltirgan farzandlarining tarbiyasini ham Mohim begimga ishonardi. Mohim begim zukko, kamtarin va sabrliligi bilan ajralib turardi. U o‘g‘li Humoyun Mirzoni nihoyatda zehnli, jasur va mard etib tarbiya qilgan. Shu sababli Boburning hurmatiga, cheksiz e’tiboriga sazovor bo‘lgan edi. Bobur kichik ayoli – Dildor og‘acha dunyoga keltirgan ikki farzandi – Hindol va Gulbadanbegimni ham Mohim begim tarbiya qilishini istagan.

O‘z navbatida, Gulbadanbegim ham o‘zining akasiga bag‘ishlab yozgan “Humoyunnoma” asarida Mohim begimni alohida hurmat va ehtirom ila tilga oladi.

Bobur mirzo Mohim begimga boshqacha mehr qo‘ygan, uning bu muhabbatini hatto payg‘ambarimiz (s.a.v.)ning Hazrati Oyisha (r.a.)ga bo‘lgan sevgilari bilan qiyoslashardi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Bobur Hindistonning katta qismini egallaganidan so‘ng, u Qobuldan Mohim begimni olib kelish uchun bir qancha otliqlar va qorovullarni yuboradi. Malikaning yaqinlashib qolgani eshitgan Bobur mirzo tezda uning istiqboliga oshiqadi. U hatto otini egarlashlarini ham kutmasdan, yarim farsax (taxminan to‘rt chaqirim) yo‘lni piyoda bosib o‘tadi. Nihoyat, olisdan Mohim begimning mahofasi ko‘rinadi. Buyuk hukmdor uning istiqboliga piyoda kelayotganini ko‘rib, Mohim begim ham mahofadan tushadi va Bobur tomon yuguradi. Uning yuzlarini sog‘inch va muhabbat yoshlari yuvardi...

Boburning mana bu o‘tli misralari ham Mohim begimga bo‘lgan buyuk muhabbati tufayli yaralgan bo‘lsa, ne ajab:

Sen gulsenu, men haqir bulbuldurmen,

Sen shu’lasen, ul shu’lag‘a men kuldurmen,

Nisbat yo‘qdur, deb ijtinob aylamakim,

Shahmen elga, vale senga quldurmen...

Ma’lumki, 1530 yil 30 dekabrda Bobur vafot etadi. Uning katta o‘g‘li Humoyun yigirma uch yoshida taxtga o‘tiradi. U onasini hamisha boshiga ko‘tarar, uning maslahatlariga amal qilardi. Biroq Mohim begim erining vafotidan so‘ng yana to‘rt yil yashadi, xolos. 1534 yil 28 mart kuni u Agra shahrida dunyodan o‘tadi.

Ayni paytga qadar Mohim begimning qayerda dafn etilgani ma’lum qilinmagan. Taxminlarga ko‘ra, u dastavval Bobur mirzoning yonida dafn qilingan. Ammo oradan ko‘p o‘tmay, Boburning vasiyatiga binoan uning xoki Agradan Qobulga ko‘chiriladi. O‘sha paytda Mohim begimning ham xoki Qobulga keltirilganmi-yo‘qmi, hali aniqlanmagan...

Rustam JABBOROV,

O‘zA.