Olis qishloqdagi “yulduz”lar yoxud vazir so‘ragan musiqa maktabi
Yaqinda Paxtachi tumanidagi Qarnab ota qishlog‘ida joylashgan 33-bolalar musiqa va san’at maktabining yangi binosi foydalanishga topshirildi. Zamonaviy mebel jihozlari, yangi musiqa asboblari bilan ta’minlandi. Bu olis qishloqning iste’dodli bolalari uchun kerak edi, albatta.
- Ba’zida, “San’at o‘zi nimaga kerak?” degan gap-so‘zlar quloqqa chalinganda hayratga tushaman, - deydi maktab direktori Nafisa Shukurova. – San’atni o‘rganish nafaqat shu sohani tanlaganlarga, balki barchaga kerak. Oddiy o‘zaro muomalada so‘z tanlash ham aslida san’at. Birgina gapni yetkazishda kimningdir ko‘nglini og‘ritish ham, quvonch baxsh etish ham, ruhlantirish ham, hayotdan bezdirish ham odamning didiga bog‘liq. Didni esa san’at beradi. Tug‘ilganimizdan boshlab, so‘nggi kunimizgacha san’at biz bilan birga. Maktabimizni har yili o‘nlab bolalar bitiradi. Ularning barchasi san’atkor bo‘lmas, ammo o‘z yo‘lini topib ketishi, xalq xizmatiga yarashi, keng dunyoqarashli inson bo‘lishi aniq.
Mazkur muassasa 1979 yilda tashkil etilgan. 2023 yilda 1,4 milliard so‘m mablag‘ evaziga maktabning yangi binosi qurilib, foydalanishga topshirildi. Xozirgi kunda bu san’at maktabida 220 nafar bola 8 yo‘nalishda ta’lim-tarbiya olmoqda.
- Maktab tashkil etilgandan beri faoliyat ko‘rsatib kelaman, - deydi “Madaniyat va san’at fidokori” ko‘krak nishoni sohibasi Sofiya Yo‘ldosheva. – Avvallari binomiz abgor holatda edi. Stol-stullar yetishmasdi, musiqa asboblari ham juda eski edi. Yangi maktab qurilgach, barcha sharoitlar yaratildi. To‘g‘risini aytish kerak, bir paytlar bu maktabga bolalarni ota-onalaridan iltimos qilib olib kelardik. Bugun ular o‘zlari istab kelishyapti.
Shu yil 12 oktyabr kuni Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov Samarqandga kelganida bu maktab uchun musiqa asboblari taqdim etgan, muassasadagi ishlarni alohida e’tirof etgan edi.
- Ozodbek Nazarbekovning biz bilan bo‘lgan uchrashuvida maktabimizga tashakkurnoma va yangi musiqa asboblari berildi, - deydi Nafisa Shukurova. – Shu olis hududlardagi maktablardan ham respublika va xalqaro tanlovlarda g‘olib bo‘ladigan iste’dodli yoshlar, yetuk mutaxassislar yana ko‘proq yetishib chiqishiga ishonch bildirildi. Bu ishonchni oqlashga jamoamiz bilan birga sidqidildan harakat qilamiz.
Maktabda bo‘lsangiz ixchamgina bu maskanda ko‘plab mitti “yulduzlar” to‘planganiga guvoh bo‘lasiz. Jonli ijrodagi kuy va qo‘shiqlar sizni hayratga soladi. Maktab o‘quvchilari har yili viloyat va respublika ko‘rik-tanlovlarida g‘oliblar safidan joy olib kelmoqda. Qashqar rubobi sinfi o‘quvchisi Alisher Baratov musiqa va san’at sirlarini qunt bilan o‘rganib, bir qator muvaffaqiyatlarga erishib kelmoqda.
- 8 yoshimda taniqli san’atkor Ozodbek Nazarbekovning qo‘shiqlarini xirgoyi qilib yurib, bu yerda o‘qish istagi tug‘ilgandi, - deydi bolalar musiqa va san’at maktabi o‘quvchisi Alisher Baratov. – Ota-onamga men ham mashhur san’atkor bo‘lib, katta sahnalarda minglab muxlislar uchun konsertlar uyushtirish orzusida ekanligimni aytdim va ular meni shu maktabga o‘qishga qo‘ydi. Ko‘plab tanlovlarda qatnashib, yuqori o‘rinlarni egalladim.
Ayni paytda muassasada yangi konsert zali ham barpo etilmoqda.
To‘lqin SIDDIQOV,
Fazliddin RO‘ZIBOYeV.