Paxtachida baliqchilik rivojlanadimi?
“O‘zagroinspeksiya”ning viloyat boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan press-turda Paxtachi tumanidagi baliqchilikka ixtisoslashtirilgan fermer xo‘jaliklari faoliyati o‘rganildi.
“Baliq Al-Said” fermer xo‘jaligi 2010 yilda tashkil etilgan bo‘lib, bugungi kunda 74,3 gektar yer maydoni bor. Shundan 55 gektarga yaqin hududda akvatoriya tashkil etilgan.
- Hovuzlarimizda “Karp”, “Tilyapi”, “Oq amur”, “Oq do‘ngpeshona”, “Chipor do‘ngpeshona” baliqlari yetishtirilmoqda, - deydi xo‘jalik raisi Dilshod Karimov. - 2021 yilda 1 milliard so‘mlik mahsulot sotib, 400 million so‘mga yaqin foyda oldik. Bu yil sof foydaning o‘zini 2 milliard so‘mga yetkazishni ko‘zlayapmiz. Ayni maqsadda qator qo‘shni davlatlar bilan shartnomalar tuzdik.
Tumandagi “Adhamjon Orzu ko‘llari” fermer xo‘jaligiga qarashli 78 gektar yer maydonining 60 gektarida suv havzasi tashkil etilgan bo‘lib, unda asosan uch turdagi baliqlar yetishtirilmoqda. 2021 yilda ushbu fermer xo‘jaligi tomonidan ichki bozorga 200 tonna sifatli va arzon baliq mahsulotlari yetkazib berilgan.
Asqar Barotov.