Arzonlashgan dorilar ro‘yxatini qayerdan ko‘rish mumkin?

2026 yil 1 iyuldan boshlab aholi eng ko‘p foydalanadigan 2,5 ming nomdagi retsept asosida beriladigan dori vositalari uchun yangi cheklangan narxlar joriy etildi. Yangi tartibga ko‘ra, ayrim dori vositalari narxi 50 foizgacha arzonlashgan.

Sog‘liqni saqlash vazirligining tegishli buyrug‘i bilan retsept asosida beriladigan dori vositalari narxlarini qayd etish tartibi belgilangan. Mazkur tartibga muvofiq, referent narxlar belgilanishi xalqaro amaliyot asosida shakllantirilib, ularni hisoblashda o‘rtacha narxlar ishlab chiqaruvchi mamlakatlardagi narxlar hamda so‘nggi 12 oy davomida O‘zbekistonga import qilingan dori vositalari bo‘yicha shartnomalar narxlari inobatga olinadi.

2026 yil, 1 aprel holatiga ko‘ra, qariyb 2,5 ming nomdagi retsept asosida beriladigan dori vositalarining cheklangan narxlari shakllantirildi va e’lon qilindi. Ushbu narxlar 2026 yil 1 maydan ishlab chiqaruvchilar va yetkazib beruvchilar, 1 iyundan distribyutorlar, 1 iyuldan boshlab esa dorixonalar uchun kuchga kirdi.

Xususan, ushbu tartibga ko‘ra,

antibiotiklar — 50 foizgacha;

yurak-qon tomir kasalliklarini davolash dorilari — 37 foizgacha;

asab tizimi uchun dori vositalari — 40 foizgacha;

yallig‘lanishga qarshi va og‘riq qoldiruvchi preparatlar — 42 foizgacha arzonlashgan.

Endi dorixonalar ushbu dorilarni davlat tomonidan belgilangan referent narxdan yuqori qiymatda sotishi mumkin emas. Bu dori vositalari narxini sun’iy oshirishning oldini olish va aholining sifatli dori-darmondan foydalanish imkoniyatini kengaytirishga xizmat qiladi.

Shu munosabat bilan 2026 yil, 1 iyuldan boshlab, mazkur dori vositalarini avval amalda bo‘lgan referent narxlarda realizatsiya qilish imkoniyati mavjud emas. Soliq qo‘mitasining axborot tizimlarida referent narxlardan yuqori narxda rasmiylashtirilgan elektron hisob varaq fakturalar avtomatik tarzda nazoratga olinadi.

Aholi uchun qulaylik yaratish maqsadida retsept asosida beriladigan dori vositalarining cheklangan narxlari haqidagi ma’lumotlar pharm.gov.uz saytida e’lon qilingan. Fuqarolar o‘zlariga zarur bo‘lgan dori vositalarining narxlarini mustaqil ravishda tekshirishlari mumkin.

Tibbiyot va farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi fuqarolarni jamoatchilik nazoratida faol ishtirok etishga chaqirib qoladi.

Xususan, dori vositalarini xarid qilish jarayonida pharm.uz mobil ilovasi orqali retsept asosida sotilgan dori vositalarining cheklangan narxlarini solishtirib borish, mavjud ma’lumotlarni tekshirish, huquqbuzarlik aniqlangan holatlar yuzasidan murojaat etish imkoniga ega.

Dilshod Shamsiyev,

Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi viloyat hududiy bo‘linmasi rahbari.