“Transformator yil oxirigacha o‘rnatiladi”: Paxtachidan kelgan murojaatga munosabat bildirildi
Avvalroq, kanalimizda Paxtachi tumanining Mirza Olim mahallasidan kelgan murojaat e’lon qilingandi.
Aytilishicha, hududda yillar davomida aholi ko‘payib ketishi barobarida transformatorlar ko‘paymagan va yangilanmagan. Oqibatida o‘tgan asrning 70-80-yillarida qo‘yilgan transformator quvvati yetmay, zo‘riqib ishlamoqda. Masalan, Bunyodkor ko‘chasidagi xonadonlarda kuchlanish pastligi sababli elektr jihozlar ishlamaydi. Aholi alohida transformator qo‘yish uchun 2021 yildan beri tashkilotlarga takror-takror murojaat qilib kelmoqda. “Paxtachi tumani hokimligiga, Prezident virtual qabulxonasiga murojaatimiz yuzasidan o‘tgan yil kuzda kelgan tuman elektr tarmoqlari hodimlari “10-15 kunda transformator va simyog‘ochlar qo‘yib beramiz”, deb va’da berib ketgandi. Ammo bajarilmadi”, deyiladi murojaatda.
“Hududiy elektr tarmoqlari” AJ viloyat hududiy filialiga ko‘ra, ayni masala tuman hokimligi bilan birgalikda hal etilishi ko‘zda tutilgan.
“Ijtimoiy tarmoqlarda Paxtachi tumani, Mirza Olim mahallasi, Bunyodkor ko‘chasidagi aholi xonadonlarida elektr tokining kuchlanishi pastligi xususida murojaat e’lon qilindi.
Murojaatda keltirib o‘tilgan manzildagi aholi xonadonlariga «Sultonobod» podstansiyasidan chiquvchi «Hamza» fideridan ta’minlanuvchi 390-transformator punkti orqali elektr ta’minoti yetkazib beriladi. Ushbu mahallada yashovchi fuqarolar tuman hokimligi va elektr ta’minoti korxonasiga elektr tokining kuchlanishi pastligi sababli qo‘shimcha transformator punkti o‘rnatib berishni so‘rab murojaat qilishgan.
Bu bo‘yicha elektr ta’minoti korxonasi mas’ullari, mahalla raisi, hokim yordamchisi hamda bir guruh fuqarolar ishtirokida yig‘ilish o‘tkazilib, Bunyodkor ko‘chasidagi 75 ta xonadonda elektr ta’minoti sifatini yaxshilash maqsadida bir dona 100/10 kV qo‘shimcha transformator punkti o‘rnatilishi muhokama qilingan. Shu bois joriy yilda tuman hokimligi bilan kelishgan holda bir dona transformator punkti olib kelinishi va yil oxiriga qadar o‘rnatish ishlari olib borilishi rejaga kiritilganligini ma’lum qilamiz”, deyiladi filial xabarida.