Samarqandga yangi kuch transformatorlari olib kelindi
“Hududiy elektr tarmoqlari” Samarqand hududiy filiali tomonidan viloyatga bittadan 63 ming kVA hamda 40 ming kVA katta kuch transformatorlari olib kelindi.
Xitoy Xalq Respublikasida ishlab chiqarilgan mazkur yuqori quvvatdagi transformatorlar Samarqand shahridagi “Afrosiyob” hamda “G‘arbiy” nimstansiyalarida o‘rnatilishi ko‘zda tutilgan.
- Shu paytgacha viloyatimizga bu kabi yuqori quvvatda bilan ishlaydigan transformatorlar yo‘q edi, - deydi “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ Samarqand hududiy filiali bosh muhandisi Eldor Mamasoliyev. – Ushbu modernizatsiya ishlari natijasida Samarqand shahri, Toyloq va Samarqand tumanlaridagi aholi va ulgurji iste’molchilarning elektr ta’minoti yaxshilanadi.
Shuningdek, viloyatga yana 1 ta 63 000 kVA, 5 ta 40 000 kVA yangi yuqori quvvatli kuch transformatorlari olib kelishi rejalashtirilgan. Shundan so‘ng, yuklama bilan ishlayotgan 50 ta transformatorlar almashtirilishi natijasida 351,2 MVA quvvat zaxirasi yaratiladi va 500 mingga yaqin iste’molchining xonadonidagi elektr energiya ta’minoti yaxshilanadi.
Dilmurod TO‘XTAYeV.