Ehtiyot bo‘ling! T-504
Bu siz o‘ylagandek, o‘sha mashhur filmdagi tank rusumi emas, ammo uning inson hayotiga xavflilik darajasi tankdan qolishmaydi. Bu transformator-504.
Bu Paxtachi tumani Sardoba mahallasi aholisini uzoq yillardan buyon qiynab kelayotgan muammo. 1970 yilda o‘rnatilgan ushbu transformator hozir eskirgan. Har kuni avariya sodir bo‘ladi. Xavflilik darajasi shundaki, har kuni elektr energiyasi uzilaverganidan, tumandagi elektr tarmoqlari mas’ullari aholi murojaatlaridan zada bo‘lib, kelmay qo‘yganidan fuqarolar transformatordagi uzilishni hayotlarini xavfga qo‘yib, o‘zlari ulashga harakat qilishadi va ayrim hollarda uddasidan ham chiqishadi.
Qizig‘i, kunora o‘chaverganidan fuqarolar elektr energiyasini ulash bo‘yicha navbat ham qilib olishgan. Kechami-kunduzmi, yomg‘irmi-qormi farqi yo‘q, navbati kelgan xonadon sohibi hayotini xavfga qo‘yib, elektr energiyasini ulashga majbur. Mutasaddilardan esa najot yo‘q. Transformatorni ta’mirlash uchun har yili 5-6 marta aholining o‘zi mablag‘ yig‘adi. Eskini yamab, esing ketadi, deyishganidek, foydasi yo‘q.
Yaqinda ushbu transformatorni kabellari kuyib ketganida aholi pul yig‘ib, yangilarini qo‘ygan edi. Oradan hech qancha o‘tmay yana elektr energiyasiz qolishdi.
Bugun erta tongdan «Transformator-504» atrofi yana fuqarolar bilan to‘ldi. Sababi, bir kun avval elektr energiyasida uzilish bo‘lgan, kechgacha Paxtachi tumani elektr tarmoqlari mas’ullari fuqarolar bir necha marta murojaat qilishlariga qaramay kech tushgandan keyingina ulab berishgan. Oradan hech qancha vaqt o‘tmay uzilgan va aholi, mana, bir sutkadirki, elektr energiyasiz qolgan. Tuman elektr tarmoqlari mas’ullari esa fuqarolar murojaatini e’tiborsiz qoldirgach, odamlar qayerga dardini aytishni bilmay boshi qotgan.
Paxtachi tuman hokimiga murojaat qilishdan foyda yo‘q. Fuqarolarning ta’kidlashicha, sayyor qabullarda bir necha marta, yozma ravishda esa ikki-uch marta hokimga murojaat qilishgan. Faqat va’dalar berilgan, ammo uzoq yillik muammo hal etilmagan. Ularning aytishicha, mahalla raisi ham bu muammodan xabardor, lekin uni hal etish bo‘yicha biror chora-tadbir ko‘rmaydi.
Paxtachi tumani mas’ullari, elektr tarmoqlari bo‘limi mutaxassislari bu masalaga panja orasida qarayotgani uchun ayni vaqtda ham fuqarolarni o‘zlari "TPP-504"da elektr energiyasini ulashga harakat qilishyapti. O‘zing uchun o‘l yetim, deganlari shu bo‘lsa kerak-da. Tuman mas’ullari qachonki inson hayoti bilan bog‘liq bir halokat yoki biror kor-hol yuz bermaguncha qo‘l qovushtirib o‘tiradi, shekilli.
Bir necha yillardan buyon aholini qiynab kelayotgan masalani hal etishni zimmasiga oladigan biror mas’ul tashkilot bormi? Tuman hokimiyati faqat eshitsa-yu hal qilmasa, tuman elektr tarmoqlari tashkiloti ko‘rsa-yu e’tiborsiz qoldirsa, inson qadri uchun tamoyili tumanda shunday amalga oshirilyaptimi?
Yurtimizda «Yangi O‘zbekiston» quryapmiz-u, afsuki, Paxtachi tumani hokimligi yoki tegishli mas’ul tashkilotlar bir eski transformator o‘rniga yangisini qurishga, sardoba»liklar muammosini hal etishga kuchi yetmayapti.
G‘olib ABDUSALOMOV, jurnalist