Elektr tarmoqlari korxonasi hisobchisi va sobiq muhandisi 80,2 million so‘m qarzni yopish uchun 38 million so‘m olgan
Holat Urgut tumanida sodir bo‘lgan. Qarzdorlikni yuzaga kelishiga xususiy korxonaning savdo do‘konlaridagi hisoblagichlardan ro‘yxatdan o‘tkazilmay foydalanilgani sabab bo‘lgan.
Joriy yilning 12 iyulida tizim xodimlari tekshiruv o‘tkazib, noqonuniy foydalanilgan elektr oqibatida davlatga zarar keltirilganini aniqlashgan.
Avval elektr hisoblagichlarni ro‘yxatdan o‘tkazmasdan foydalanishlarini o‘rgatgan elektr tarmoqlari korxonasi sobiq muhandisi, bu gal korxona hisobchisi bilan zarar miqdorini kamaytirib berishni va’da qilgan.
Ikkovlon buning uchun tadbirkorga orqa sana bilan rasmiylashtirilgan soxta dalolatnoma berib, 38 million so‘mni qo‘lga kiritgan.
Firibgarlik bilan qo‘lga kiritilgan mablag‘ tergovga qadar tekshiruv davomida qaytarilgan.
Xabar qilinishicha, Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Urgut tuman bo‘limi tomonidan aniqlangan holat bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.