Baliqchilikka ixtisoslashgan xo‘jaliklar qanday faoliyat ko‘rsatyapti?
Viloyat prokuratura organlari tomonidan sohaga oid o‘rganishlarda 34 ta intizomiy, 11 ta ma’muriy chora qo‘llanilib, qonunbuzilish holatlari bo‘yicha 16 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Nega?
Ma’lumotga ko‘ra, viloyatda 513 ta baliqchilik xo‘jaliklari mavjud. Biroq 428 tasi joriy yil davomida bankdan umuman pul mablag‘lari aylanmasini amalga oshirmagan.
Bugungi kunda baliqchilikka ixtisoslashgan xo‘jaliklarning soliqdan qarzdorligi 3 milliard 625 million so‘mni tashkil qiladi.
Bu ko‘rsatkich Past Darg‘om tumanida 1 milliard 12 million so‘m, Oqdaryoda 654 million, Ishtixonda 447 million, Payariqda 285 million, Jomboyda 277 million va Kattaqo‘rg‘on tumanida 105 million so‘mni tashkil qiladi.
Mavjud baliqchilik xo‘jaliklarining 113 tasida umuman ish o‘rinlari yaratilmagan.
Viloyatda qo‘shtirnoq ichidagi uddaburon tadbirkorlar tomonidan baliqchilik uchun olingan yer maydonlaridan karer sifatida qum-shag‘al qazib, daromad qilish manbaiga aylantirilgan.
Misol uchun, Oqdaryo tumanidagi “Haydar Xosiyat baraka” fermer xo‘jaligiga tuman hokimining 2018 yil 24 dekabrdagi qarori bilan baliqchilik yo‘nalishida faoliyatini tashkil qilish uchun 4 gektar yer maydoni ajratilgan. Ammo bu yer maydonida baliqchilik faoliyatini yo‘lga qo‘ymasdan, noqonuniy ravishda 1 milliard 590 million so‘mlik 33 ming metr kub qum-shag‘al aralashmasini qazib olib, davlat manfaatlariga juda ko‘p miqdorda zarar yetkazgan.
Mazkur holat yuzasidan viloyat prokuraturasi tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Tumandagi “Yangiobod Shoxrux baliqlari” fermer xo‘jaligi tuman hokimining qarori bilan ajratilgan 10 gektar yer maydonida baliqchilik faoliyatini yo‘lga qo‘ymagan. Aksincha, mavjud yer va u bilan chegara hududda joylashgan Zarafshon daryosining muhofaza zonasidan noqonuniy ravishda 382 million so‘mlik 20 ming metr kub qum-shag‘al aralashmasini qazib olib, davlat manfaatlariga juda ko‘p miqdorda zarar yetkazilgan. Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, jazo muqarrarligi ta’minlangan.
Prezidentning tegishli qaroriga ko‘ra, suv iste’molchilari va tuman irrigatsiya bo‘limlari o‘rtasida suv yetkazib berish va xizmatlar ko‘rsatish bo‘yicha shartnoma tuzilishi lozim. Biroq Kattaqo‘rg‘on tumanidagi 46 ta, Oqdaryodagi 44 ta, Payariqdagi 34 ta, Ishtixondagi 33 ta, Past Darg‘omdagi 29 ta, Jomboydagi 18 ta xo‘jalik suv yetkazib berish bo‘yicha shartnoma tuzmagan.
Viloyat prokuraturasi organlari tomonidan sohaga oid o‘tkazilgan nazorat tadbirlari yakuniga ko‘ra, 14 ta protest, 8 ta taqdimnoma kiritilgan. Shuningdek, 34 ta intizomiy, 11 ta ma’muriy chora qo‘llanilib, qonunbuzilish holatlari bo‘yicha 16 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Holat viloyat hokimligida atroflicha tahlil qilinib, mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berilgan.