Baliq yetishtirgan xonadon egalari yer va mol-mulk solig‘ining 50 foizini to‘laydi
Bu haqda Prezident 2022 yil 13 yanvarda qabul qilgan “Baliqchilik tarmog‘ini yanada rivojlantirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qarorda belgiladi.
Unga ko‘ra, har bir viloyatda aholi xonadonlari bilan ishlaydigan baliqchilik kooperatsiyasi tashkil etiladi.
Kooperatsiya baliqchilik xo‘jaliklari xonadon egalarini baliq yetishtirish bo‘yicha o‘qitishni tashkil etadi, ularga baliq yetishtirish uchun zarur bo‘lgan asbob-uskunalar, baliq chavoqlari, omuxta yem, mineral o‘g‘itlarni yetkazib beradi hamda ular tomonidan yetishtirilgan baliqni kelishilgan narxlarda sotib oladi.
Xonadon egalari o‘z xonadonlarida baliqchilik xo‘jaliklari tomonidan yetkazib berilgan mahsulotlardan foydalangan holda intensiv usulda yetishtirilgan baliqlarni kelishilgan narxlarda ularga sotadi.
2022 yil 1 fevraldan boshlab jismoniy shaxslarga o‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida o‘z xonadonida baliq yetishtirishni yo‘lga qo‘yishga ruxsat beriladi.
2022 yil 1 fevraldan 2025 yil 1 yanvarga qadar baliqchilikni intensivlashtirish uchun zarur bo‘lgan asbob-uskunalar va texnologiyalar (aerator, basseyn, avtokormushka, UZV) hamda qayta ishlash uskunalarini ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ygan, biroq daromadining 80 foizidan ortig‘ini ushbu uskunalarni ishlab chiqarishdan oladigan sub’yektlar uchun foyda solig‘i (tijorat banklarida joylashtirilgan mablag‘lardan olingan foizlardan tashqari), yuridik shaxslardan olinadigan yer solig‘i, yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq va suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq stavkalari 50 foizga kamaytiriladi.
Baliq yetishtiruvchi xonadon egalariga yer solig‘i va mol-mulk solig‘i stavkasi 50 foiz miqdorida belgilanadi.
2022 yil 15 yanvardan boshlab “Har bir oila – tadbirkor” davlat dasturi doirasida tijorat banklari tomonidan aholi xonadonlarida baliq yetishtirish uchun ajratiladigan kredit bazaviy hisoblash miqdorining bir yuz ellik baravaridan uch yuz baravarigacha oshiriladi.