Samarqandda yetishtirilgan baliq nega Yevropaga eksport qilinmayapti?
"Axir, Yevropa davlatlarida tabiiy suv havzalari ko‘p, shuning uchun baliq mo‘l. Shu sababli bizdan baliq xarid qilmaydi-da", deyishga shoshilmang. Buning boshqa sababi bor.
Baliq ko‘p yeng, ko‘zingiz ravshan bo‘ladi
Baliq inson organizmini tozalovchi, suyak va tishlarni mustahkamlovchi parhezbop taom. Baliq go‘shti tarkibida juda ko‘p vitamin va mikroelementlar saqlanishi tufayli biologik qiymati ham mol va qo‘y go‘shtidan yuqori turadi.
Baliq go‘shti yurak kasalliklari xavfini kamaytiradi, ko‘rish qobiliyatini yaxshilaydi, revmatoid artritni yengillashtiradi, xolesterin darajasini kamaytiradi.
Respublikamizda baliqchilikni rivojlantirish, aholi xonadonlarida ham baliq boqishni tashkil etish uchun moliyaviy rag‘batlantirishlar berilmoqda.
Misol uchun, hozirda Past Darg‘om tumanida 40 dan ortiq xo‘jalikda “luqmai halol” yetishtirilmoqda. Joriy yilda ular tasarrufidagi 283 gektardan ortiq ekstensiv, yarim intensiv, tabiiy suv havzalari, qafas moslamalari, yopiq suv aylanma tizimi (UZV), intensiv usuldagi kichik suv havzalarida 2500 tonnadan ortiq baliq ovlandi. Birgina joriy yilda 150 aholi xonadonida baliq boqish havzalari tashkil etildi va ular tomonidan 330 tonnadan ortiq baliq yetishtirildi.
Samaradorlik ortishi texnologiyaga bog‘liqmi?
Tumandagi “Po‘lat baliq havzasi” ko‘p tarmoqli xususiy baliqchilik klasterida yangi texnologiyalar, xorijiy tajribani joriy qilish hisobiga yuqori mahsuldorlikka erishilmoqda. Xo‘jalikda 15 gektar maydondagi havzalarda baliq boqish bilan birga Rossiyadan 460 million so‘mga yem ishlab chiqarish uskunasi xarid qilindi. Turkiya davlatidan jalb etilgan 56 ming dollar mablag‘ hisobidan 500 tonnalik muzlatkich qurildi. “Ipoteka bank” viloyat filialidan olingan kredit mablag‘i evaziga Xitoydan 975 million so‘mga oksigenerator uskunasi keltirilib, baliq yetishtirishda katta mahsuldorlikka erishildi.
- Baliq boqishda Xitoy tajribasida oksigenerator texnologiyasidan foydalaniladi, bu yopiq suv aylanma tizimi deyiladi, ya’ni baliq zich usulda boqiladi, hovuzlar kislorod bilan ta’minlanadi, - deydi xo‘jalik ish yurituvchisi Umid Obloqulov. – Oddiy usulda gektariga 3 tonna baliq olish mumkin, bu texnologiyada shuncha maydonda xorijda 100 tonnagacha baliq yetishtiriladi. Biz hozircha 50-60 tonnagacha baliq ovladik. Oddiy usulda hovuzga suv kirib, boshqa tomondan chiqib ketsa, bu usulda 80 foizgacha suv hovuzning o‘ziga quyiladi va kislorod bilan boyitilishi hisobiga ko‘p baliq olinadi.
Ish boshlagan paytlarimizda baliq chavoqlari Toshkent viloyati Chinoz tumanidan keltirgan bo‘lsak, hozir baliqchilik inkubatsiyasini tashkil etib, yiliga 500 million dona baliq chavoqlarini o‘zimiz tayyorlayapmiz. Ehtiyojdan ortganini boshqa xo‘jaliklarga ham yetkazib beryapmiz. Hozirgacha 800 tonna baliq sotdik, hovuzlarda yana 700 tonnaga yaqin mahsulot bor.
Nega baliq eksport qilmaymiz?
O‘zimizda boqilayotgan baliqlarning yog‘lilik darajasi yuqori bo‘lganligi uchun eksportga talab yuqori emas. O‘zimizdagi zotlar chatishib ketganligi uchun yaqinda Vengriya davlatidan “Sazan” balig‘ining yangi zotlarini keltirdik, “Mozambik qora tilyapiya” zotlari ham o‘zimizda ko‘paytirilmoqda. Keyinchalik Yevropa davlatlariga eksport qilish uchun “Farel” balig‘ini keltirib, ko‘paytirish niyatidamiz. Yana yopiq suv aylanma tizimiga asosan “Farel”, “Osyotr” baliqlarini super intensiv usulda zich holatda boqish uchun tayyorlayapmiz. Chunki hozir mahallliy xo‘jaliklarda boqilayotgan baliqlarga xalqaro bozorlarda talab yo‘q. “Farel”, “Osyotr” kabi baliqlarga esa Yevropa bozorlarida talab yuqori, lekin ko‘plab xo‘jaliklar bu borada izlanib ko‘rmagan. Buni o‘zimizda ham boqib ko‘paytirishning imkoni bor. Masalan, qo‘shni Qirg‘izistonda aynan shunday sovuq suv baliqlari ko‘p yetishtirilib, Rossiyaga eksport qilinadi. Biz ham izlanishlar olib borib, shu turdagi baliqlarni xo‘jaligimizda boqib, eksport qilish niyatidamiz.
O‘tgan yili xo‘jalikda 800 tonna baliq yetishtirilgan bo‘lsa, yangi texnologiyalar joriy etilishi hisobiga joriy yilda bu ko‘rsatkich 1500 tonnaga yetdi. Daromad o‘tgan yili 7,5 milliard so‘m bo‘lgan bo‘lsa, bu yil 10 milliard so‘mdan ortishi kutilmoqda.
O‘ktam Xudoyberdiyev.