Tramp samolyoti yo‘lovchi layner bilan to‘qnashishiga sal qoldi

AQSh prezidenti Donald Trampning Britaniyaga safari vaqtida uning samolyoti Nyu-York havo hududida yo‘lovchi samolyoti bilan juda yaqin masofada uchib o‘tdi.
Bloomberg xabariga ko‘ra, xavfli yaqinlashuvni aviadispetcher payqagan va yo‘lovchi samolyoti ekipajiga kursini o‘zgartirish buyrug‘i berilgan. Shu orqali to‘qnashuvning oldi olingan.
Ma’lumot uchun, Tramp 16 sentyabr kuni rasmiy tashrif bilan Buyuk Britaniyaga borgan. U AQSh tarixida ilk bor Buyuk Britaniyaga ikkinchi marta davlat tashrifi bilan kelgan prezident bo‘ldi. Ilk bor u birinchi prezidentlik davrida – 2019 yilda tashrif buyurgan.
Kecha Buyuk Britaniya poytaxti ko‘chalarida AQSh prezidenti tashrifiga qarshi minglab odamlar namoyishga chiqdi. Namoyishchilar qo‘llarida Falastin bayroqlarini ko‘tarib, G‘azoni ozod qilishni, Isroilga qurol yetkazib berishni to‘xtatishni talab qilmoqda.