Insonning xislatlarini uning yozuvidan ham bilish mumkin

Grafologlarning ta’kidlashicha, qo‘lyozma yordamida odamning jinsi, yoshi, hissiy holati va qaysi qo‘li (o‘ng yoki chap) bilan yozganini aniqlasa bo‘ladi. Qo‘l yozuvi insonning individual xususiyatlarini ochishga yordam beradi. Hatto yozuv egasining psixologik tafsifi, intellekti, fikrlashi, o‘zini hurmat qilish darajasi, anglash qobiliyati va qo‘rquvi haqida ham bilish mumkin.
Qo‘l yozuvidan aniqlash mumkin bo‘lgan xususiyatlar:
• ruchkani qattiq bosib yozish - o‘ziga ishongan, harakatchan, ochiqko‘ngil va maqsad sari intiluvchan odamlarga xos;
• harflarni chap tomonga egiltirib yozish - erkinlik, ustuvorlik va shaxsiy mustaqilligini ta’kidlaydigan, axloqiy, siyosiy va ijtimoiy dunyoqarashga ega individualistlarda uchraydi;
• o‘ngga egiltirib yozish - xotirjam va muvozanatli odam;
• Katta-katta harflar bilan yozish - ochiq, yangiliklar va voqealarga sezgir, aynan shu xislati tufayli stressni boshidan kechiradigan kishilarga xos;
• kichik harflar bilan yozish - his-tuyg‘ulari, so‘zlari va harakatlarini to‘liq namoyish qilmasdan, o‘zini tuta bila oladigan, ehtiyotkor va «ichida gapi ko‘p» odamlarni tafsiflaydi;
• Harflar orasini keng qilib yozish - mayda-chuyda narsalarga berilmaydigan, ijodkorlikka moyil, iste’dodli va ochiq odam haqida gapiradi;
• Optimistlarning qo‘l yozuvi yuqoriga qarab ketadi, pessimistlar esa pastga tushadi.
• Notekis satrlar - kayfiyati tez-tez o‘zgarib turadigan, ruhiy muvozanatga ega bo‘lmagan, hayajonga osongina beriluvchan odamni tasvirlaydi. Bunday xususiyat his-tuyg‘ularidagi keskin o‘zgarishlarni namoyon qiladigan va tanqidni qabul qila olmaydigan odamlarga xos.