Samarqandda ilk bor Yevroosiyo bolalar xirurglari konfederatsiyasining kongressi o‘tkazilmoqda

Viloyat tibbiyot sohasida xorijiy hamkorlik yanayam kengayib, xalqaro tibbiy anjumanlar o‘tkazilishi an’ana tusiga kirdi.
Shu kunlarda Samarqand yana bir muhim anjuman - Yevroosiyo bolalar xirurglari konfederatsiyasining I kongressiga mezbonlik qilmoqda. Bu galgi anjumanning o‘ziga xosligi shundaki, ilmiy shu’balarda aytiladigan ba’zi yangilik va natijalar avval amaliyotda ko‘rsatib berildi. Xususan, Samarqand davlat tibbiyot universiteti ixtisoslashgan bolalar xirurgik klinikasida o‘tkazilgan mahorat saboqlarida Buyuk britaniyalik bir guruh shifokorlar murakkab operatsiyalarni amalga oshirishda o‘z tajribalari bilan o‘rtoqlashdi.
- Bugun dunyoda miniinvaziv operatsiyalar amalga oshirilishi tobora ommalashmoqda, - deydi Buyuk Britaniyaning Southamton universiteti professori Ewan Brownlee. – Xususan, o‘zim faoliyat olib borayotgan klinikada mening mutaxassisligim, ya’ni urologiya bo‘yicha operatsiyalar yuz foiz laparoskopik usulda amalga oshiriladi. Bu usul bemorlarning tez sog‘lom hayotga qaytishi, jarohat olmasligi, shifoxonalarda ko‘p qolib ketmasligi kabi qator qulayliklarga ega. Hozir o‘tkazilayotgan mahorat mashg‘ulotlari ham aynan zamonaviy texnologiyalar orqali amalga oshiriladigan jarrohlik amaliyotlari bilan bog‘liq.
Ertaga o‘tkazilishi kutilayotgan “Bolalar xirurgiyasida innovatsion texnologiyalar” mavzuida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya ishtirokchilari dunyoning turli qit’alaridan Samarqandga kelishmoqda.
- Kongressga tashrif buyurgan Buyuk britaniyalik taniqli shifokorlar markazimizda miniinvaziv xirurgiya bo‘yicha o‘quv kurslari va murakkab operatsiyalar o‘tkazib, sohadagi yangiliklarni baham ko‘rishdi, - deydi Samarqand davlat tibbiyot universiteti ixtisoslashgan bolalar xirurgik klinikasi bosh shifokori Jamshid Shamsiyev. - Ilmiy anjumanda aytiladigan ba’zi yangiliklar klinikada amaliy tarzda ko‘rsatib berildi. Ushbu yirik anjumanda 30 davlatdan 150 nafar xorijlik mehmonlar – bolalar xirurgiyasining taniqli vakillari, olimlar ishtirok etishi ko‘zda tutilgan. Konferensiya davomida 200 dan ortiq ma’ruza tinglanishi kutilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Yevroosiyo bolalar xirurgiyasi konfederatsiyasi qaroriga asosan ilk Kongressning aynan Samarqandda o‘tkazilishi professor Azamat Shamsiyev tavalludining 80 yilligi munosabati bilan belgilangan.