Samarqandda noyob jarrohlik amaliyoti muvaffaqiyatli o‘tkazildi
Xabar berganimizdek, Respublika ixtisoslashtirilgan ona va bola salomatligi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Samarqand filiali yangidan qurilgan zamonaviy binoda ish boshladi.
Uning ochilish marosimida mutasaddilar yaqin kunlarda xorijlik hamkasblari bilan hamkorlikda yangicha davolash usullari yo‘lga qo‘yilishi haqida aytgan edi.
Yaqinda ushbu markazda turkiyalik vrach-muttaxassislar bilan to‘rt kun davomida turli yo‘nalishlarda aholi uchun bepul tibbiy ko‘riklar o‘tkazildi.
Respublika ona va bola salomatlik markazi Samarqand filiali tashabbusi bilan spina bifida va og‘ir neyral nuqsonlarga ega bo‘lgan ikki chaqaloqda noyob jarrohlik amaliyoti muvaffaqiyatli o‘tkazildi.
Spina bifida, bu - homila umurtqa pog‘onasining yemirilishi natijasida tug‘ma nuqsonlarning yuzaga kelishi bilan belgilanadigan tug‘ma xastalik. Uni chaqaloq tug‘ilgan ilk kunlarda jarrohlik yo‘li bilan bartaraf etish mumkin. Shu paytgacha mamlakatimizda bunday jarrohlik amalga oshirilmagan.
Ushbu amaliyotga markaz va xorijiy tibbiy muassasalar o‘rtasida tuzilgan hamkorlik memorandumlar asosida, Germaniya va Shveysariyada malakasi oshirilgan va hozirda Turkiyaning yirik tibbiyot muassasasida faoliyat yuritayotgan taniqli neyroxirurg Ibraxim Alatas jalb qilindi.
Jarrohlik amaliyotlari muvaffaqiyatli o‘tkazildi va endilikda doimiy amalga oshirilishi rejalashtirilgan.