Viloyatda tibbiyot aholiga yaqinlashdimi, xizmat sifati oshdimi?
2025 yil 1 iyuldan yurtimizdagi 15 tuman va shaharda, joriy yildan esa viloyatimizning barcha tuman va shaharlarida tajriba-sinov tariqasida sog‘liqni saqlash tizimini tashkil etishning yangi modeli joriy qilindi.
Davlatimiz rahbarining 2025 yil 19 mayda qabul qilingan “Respublikada sog‘liqni saqlash tizimini va aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatish tamoyillarini takomillashtirish orqali sohani isloh qilishni izchil davom ettirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni va “Sog‘liqni saqlash tizimidagi islohotlarni amalga oshirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida yo‘lga qo‘yilayotgan yangi tizimning tub mohiyati tibbiyot sohasini eng ilg‘or xorijiy tajriba asosida isloh qilish, aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatlar sifatini oshirish, birlamchi tibbiy-sanitariya yordami ko‘rsatishning zamonaviy tizimini shakllantirish va sohaga yangi boshqaruv tamoyillarini joriy qilishdan iborat.
Lekin bu maqsadlarga erishish uchun yana bir qator chora-tadbirlar, vazifalarni amalga oshirish zarurki, ular yuqorida qayd etilgan hujjatlarda aniq belgilab qo‘yilgan. Gap ularni o‘z vaqtida, sifatli bajarishda qolmoqda.
Xo‘sh, yangi tizim qanday yo‘lga qo‘yildi, tibbiyot chindan ham aholiga yaqinlashdimi, xizmat sifati oshdimi?
– Yangi tizimdan ko‘zlangan asosiy maqsad, avvalo, birlamchi tizimni aholiga yaqinlashtirish, ikkinchidan, xalqaro tajribaga asoslangan holda yangi model yaratish va birlamchi tizimga aholi qamrovini 70 foizga yetkazish, – deydi viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Jamshid Jiyanov. – Uchinchidan, tibbiyotda turli xil qog‘ozbozliklarni kamaytirish va sohani raqamlashtirish. To‘rtinchidan, tibbiyot xodimlari yuklamasini 30 foizga kamaytirish hamda aholining birlamchi tizimdan roziligini 85 foizga yetkazish ko‘zda tutilgan. O‘tgan yilning ikkinchi yarmida respublikamizning 15 hududida, jumladan, viloyatimizning Samarqand shahri, Ishtixon va Bulung‘ur tumanlarida tajriba-sinov tarzida yangi tizim yo‘lga qo‘yilgani bizga juda qulay bo‘ldi. Ushbu hududlarda amalga oshirilgan ishlar, bu jarayonda duch kelingan ayrim muammolardan xulosa chiqarib va erishilgan natijalarni tahlil qilib, yil boshidan 13 tuman va shaharda ham yangi tizimni yo‘lga qo‘ydik.
Shu paytgacha birlamchi tibbiy-sanitariya yordami tizimida aholiga oilaviy poliklinika, qishloq oilaviy poliklinikasi yoki qishloq shifokorlik punkti, mahalla tibbiyot punkti (konteynerlar) orqali xizmat ko‘rsatilardi. Viloyatda 71 ta oilaviy poliklinika va uning 81 ta filiali, 170 ta oilaviy shifokorlik punti va 44 ta filiali, 230 ta mahalla tibbiyot punkti, 191 ta konteyner bor edi. Bu muassasalar aholi sonidan kelib chiqib, yuridik maqomga ega oilaviy poliklinikalarga hamda ularning filiallariga aylantirildi. Masalan, aholisi soni 12 ming nafargacha bo‘lgan hududlarda ikkinchi tip oilaviy poliklinika, 12 ming nafardan ortiq bo‘lsa, birinchi tip oilaviy poliklinika, 3000 nafargacha aholi yashaydigan hududlarda esa ikkinchi tipdagi oilaviy poliklinika filiali tashkil etildi. Ayni paytda viloyatimizning 4 million 294 ming aholisiga 239 ta birinchi tipdagi, 160 ta ikkinchi tipdagi oilaviy poliklinika va uning 19 ta filiali orqali birlamchi tibbiy-sanitariya xizmati ko‘rsatilmoqda.
Oilaviy poliklinikalarda aholiga tibbiy yordam ko‘rsatuvchi oilaviy shifokor, pediatr, akusher-ginekolog va tashxislash xizmatlarini ko‘rsatuvchi mutaxassislar, shuningdek, autsorsing asosida stomatologiya xizmati yo‘lga qo‘yildi. Shuningdek, bu muassasalarda UTT va rentgen tekshiruvlarini amalga oshirish imkoniyati yaratildi.
Aholiga oilaviy shifokorni erkin tanlash huquqi beriladi. Tibbiyot brigadasi hamda unga biriktirilgan aholi o‘rtasida tomonlarning huquq va majburiyatlarini belgilovchi bitim tuziladi. Bu bitim bajarilishi uchun tibbiy brigada va ular xizmat ko‘rsatadigan aholi ham mas’ul hisoblanadi. Avvalgi tizimda 2000 aholiga bir nafar vrach, ikki nafar va bir nafar amaliyotchi hamishiradan iborat tibbiy brigada xizmat ko‘rsatgan bo‘lsa, endilikda bitta brigada 3000 nafar aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatadi. Brigadada patronaj hamshiralar soni 3 nafarga ko‘paydi. Olis hududlarda yashaydigan aholi uchun tor doirasidagi mutaxassislar ko‘rigi yo‘lga qo‘yildi.