Bizni kuzating

Samarqandda mushak distrofiyalarini aniqlash va davolash bo‘yicha xalqaro tajriba o‘rganildi

Respublika ixtisoslashtirilgan ona va bola salomatligi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Samarqand filialida xorijlik mutaxassislar ishtirokida amaliy seminar o‘tkazildi.

Seminarda Fransiya Miologiya instituti (Institut de Myologie) ilmiy kengashi a’zosi, Parij miologiya yozgi maktabi rahbari Antoni Urtizberea, Belgiyaning Lej universiteti ilmiy xodimi, Sen-Lyuk universitet klinikasi va Erazm universitet shifoxonasining shifokori Karle Per, Rossiyaning akademik N.P.Bochkov nomidagi tibbiy-genetik ilmiy markazi ilmiy xodimi Aysilu Murtazina hamda mahalliy muxatassislar tomonidan mushak distrofiyalarini tashxislash va davolash bo‘yicha ma’ruzalar o‘qildi.  

Xorijlik mutaxassislar tomonidan mushak distrofiyasi aniqlangan o‘nga yaqin bola tekshiruvdan o‘tkazildi.
– Irsiy (genetik) kasalliklarni erta bosqichlarda aniqlash davolash ishlari samaradorligini ta’minlaydi, – deydi nerv-mushak kasalliklarini o‘rganish va davolash sohasidagi yetakchi xalqaro ekspert Antoni Urtizberea. - Genetik kasalliklar odatda tashqi omillar ta’sirida yuzaga kelmaydi. Aksariyat hollarda ular irsiyat yoki tasodifan yuz berishi mumkin bo‘lgan tabiiy genetik o‘zgarishlar bilan bog‘liq. Shuning uchun inson sog‘lig‘ida bunday kasallik borligida hech kim aybdor emas. Genetik buzilishlari bo‘lgan kishilar o‘z holatidan uyalmasliklari yoki uni yashirmasliklari kerak. Ular tibbiyot muassasalariga murojaat qilish, aniq tashxis va ba’zi hollarda zarur davolash muolajalarini olish imkoniyatiga ega bo‘lishlari lozim. Genetik kasalliklar dunyodagi barcha mamlakatlarda uchraydi. Ba’zi hisob-kitoblarga ko‘ra, aholining taxminan 1–2 foizida u yoki bu genetik buzilishlar bo‘lishi mumkin. O‘zbekiston aholisida uchraydigan genetik kasalliklarning ayrimlari nisbatan yengil kechsa, boshqalari og‘ir bo‘lishi hamda bemorlar, ularning oilalari uchun jiddiy oqibatlarga olib kelishi kuzatilgan. Aynan shuning uchun genetik maslahat berish juda muhim.

Tibbiy tekshiruvlardan so‘ng samarqandlik mutaxassislar uchun mushak distrofiyalarini tashxislash va davolash bo‘yicha mahorat darsi o‘tkazildi. Xorijlik mutaxassislar mushak distrofiyasini tashxislash va davolashning zamonaviy usullari bo‘yicha to‘plagan tajribalari asosida samarqandlik shifokorlarga tavsiya va maslahatlar berib, ushbu xastalik aniqlangan bemorlarda muolajalarni samarali o‘tkazishni o‘rgatishdi.