Samarqandda baliq yetishtirish rejasi salmoqli. Baliqning o‘zi-chi?

Joriy yilda Samarqandda mavjud 545 ta baliqchilik xo‘jaligi tomonidan 30 ming tonna baliq yetishtirish rejalashtirilgan. Bu esa o‘tgan yildagiga nisbatan 5 ming tonna ko‘p demakdir.

Bu raqamlar “O‘zagroinspeksiya”ning viloyat boshqarmasi tomonidan mahalliy ommaviy axborot vositalari vakillari uchun Samarqand tumaniga uyushtirilgan press-tur davomida tilga olindi.

Tadbir ishtirokchilari dastlab Qoradaryo sohilida joylashgan “Luqmai halol” mas’uliyati cheklangan jamiyatida bo‘lishdi.

5 gektar maydonni egallagan mazkur xo‘jalik 2009 yilda tashkil etilgan bo‘lib, 2017 yilda “Ipoteka bank”dan ajratilgan 6 milliard 200 million so‘mlik kredit mablag‘i hisobiga  hududi 10 gektarga kengaytirilgan.

– Natijada bu yerda baliq yetishtirish hajmi 40 tonnadan 90 tonnaga yetkazildi, - deydi jamiyat rahbari o‘rinbosari Maqsud Akramov. – Yetishtirilgan mahsulot asosan ichki bozorga yo‘naltirilmoqda.

Shundan so‘ng, press-tur qatnashchilari “Oq Amur baliqlari” ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaligida bo‘ldi.

- Shu kunga qadar mamlakatimizda "Karp" baliqlarini yetishtirishda yerda qurilgan havzalardan foydalanilgan, bu havzalarda asosan ekstensiv usulda baliq yetishtirilgan. Bunda hosildorlik 10-20 sentnerni tashkil etgan edi, - deydi xo‘jalik ish boshqaruvchisi Osmon Asanov. - Endilikda akvakulturaning boshqa sohalari, jumladan, sadoq baliqchiligi, basseyn – jadal baliqchiligi tarmog‘i rivojlanmoqda. Xo‘jaligimiz suv havzalarida baliqlarni yarim tayyor holga keltirib saqlash uchun 200 tonna sig‘imga ega bo‘lgan maxsus muzlatgich ham qurganmiz. Bundan tashqari, ichki turizmni rivojlantirish maqsadida baliq ovlashdan tortib uni taom holatiga keltirguncha bo‘ladigan barcha jarayonlarni sayyohlarning bevosita kuzatishlari uchun imkoniyatlar yaratilgan.     

Tadbirda jurnalistlar o‘zlarini qiziqtirgan barcha savollarga atroflicha javob oldilar.

Yormamat Rustamov.