Gul parvarishlash xodimlarning ish unumini ta’minlaydi
Bu Paxtachi tumani mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash bo‘limi boshlig‘i Gulchehra opa Bobonazarovaning gapi. "Bunga asosim bor", deydi opa.
Ziyovuddin shaharchasi markazidagi ko‘rkam binolardan birida Paxtachi tumani mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash bo‘limi faoliyat olib boradi. Bino hovlisi va uning atrofidagi anvoyi gullar bu yerda rahbar ayol kishi ekanligidan darak berib turadi.
- Bundan ikki yil avval tumanimizdagi mahalla fuqarolar yig‘inlarining aksariyati o‘z binosiga ega emas edi, - deydi bo‘lim boshlig‘i Gulchehra Bobonazarova. – Ularning aksariyati ijarada, ayrimlari mahalla raislarining uylarida faoliyat ko‘rsatardi. 2021 yilda 18 ta mahalla fuqarolar yig‘ini uchun yangi binolar qurildi. Mavjud 27 ta binoda joriy ta’mirlash ishlari olib borildi. Shu yilning o‘tgan davrida 3 ta mahalla binosi qurilib, foydalanishga topshirildi. Bugungi kunda yana 6 ta yangi bino qurilyapti. Yil oxirigacha tumandagi barcha, ya’ni 59 ta mahalla fuqarolar yig‘ini o‘z binosiga ega bo‘ladi.
Keyingi yillarda viloyatimizda mahallalar uchun yangi binolar qurilib, mavjudlari ta’mirlanib, barchasida yetarlicha sharoitlar yaratilyapti. Endi ularni toza, ozoda saqlash, atroflarini ko‘kalamzorlashtirish uchun mas’ullardan mas’uliyat talab qilinadi. Bu borada Gulchehra opa Bobonazarova faollarga o‘rnak bo‘lyapti. U bo‘lim binosi va uning atrofini gullarga burkagan.
- Gullar kishiga ko‘tarinkilik bag‘ishlaydi, - deydi u. – Ishdan bo‘sh vaqtimizda xodimlar bilan gullarni parvarish qilamiz. Hech bir xodimga gulzorga chiqib ishlang, demayman. O‘zim kelib mehr bilan begona o‘tlardan tozalashga kirishsam, boshqalar ham menga qo‘shiladi. Erkak xodimlarimiz ham gulzorimizga havas qilib, xonadonlarida gullar parvarish qiladigan bo‘ldi. Mahalla raislari ham o‘zlari faoliyat olib boradigan binolar va ularning atrofi obodligiga alohida e’tibor qaratyapti.
Yana bir ahamiyatli jihati, bino ichida xonaki gullar parvarish qilinadi. Muhimi, Gulchehra opa gullari bilan boshqalarga o‘rnak bo‘lyapti.
To‘lqin Siddiqov,
Husan Eltoyev.