Chala bajarilgan dastur yoki “Obod mahalla”ning eski muammolari

Samarqand shahrining Xishrav qo‘rg‘onidagi Chilquduq mahallasida yashovchi Sharof ota Ma’rupov tahririyatimizga murojaat qilib, 2019 yil “Obod mahalla” dasturi bo‘yicha belgilangan yumushlar mazkur hududda o‘ta sifatsiz va chala bajarilganini bayon etdi.

Murojaatda keltirilgan vajlarni joyida o‘rganishga qaror qildik.

“...Osmonga bulut chiqishi bilan xavotirga tusha boshlaymiz...”

– To‘g‘ri, ancha ishlar qilindi. Qo‘rg‘onni Samarqand shahri bilan bog‘lovchi Samarqand ko‘chasi kapital ta’mirlanib, asfalt yotqizildi, – deydi Sh.Ma’rupov. – Ammo yo‘lsozlar ko‘chaning ikki tomonida beton ariqchalar barpo etishni, ichki yo‘llarga shag‘al yotqizishni “unutgan” bo‘lsalar, elektriklar rejadagi ta’mirtalab simyog‘ochlarning yarmini almashtirib, juftakni rostlab qolishdi. Natijada yomg‘ir suvlari ko‘chada sun’iy hovuzlar paydo qilib, odamlarning uyigacha kirib ketyapti. Biz, mahalla oqsoqollari, nuroniylar bu haqda bir necha bor tegishli tashkilotlar va mutasaddilarga murojaat qildik. Ammo bizning arz-dodimizga hech kim quloq solayotgani yo‘q. Shu boisdan, osmonga bulut chiqishi bilan yana hovlimizni suv bosishidan xavotirga tusha boshlaymiz.

Otaxon aytgan ko‘chaning ikki tomonida beton ariqchalar olinmagan. Shu bois suv bilan to‘lgan. Bu esa hududda yashovchi mingdan ortiq aholining e’tirozlariga sabab bo‘layotir.

Bunday ahvol nafaqat Chilquduq, balki shu hududdagi “Navro‘z” va “Yoshlik” mahalla fuqarolar yig‘inlarida ham mavjud. Bu yerda ham ishlar chala qolgan.

– Ko‘chaning ariq ochilmagan joyi bizning mahallamiz hududiga kirmaydi, “Navro‘z” mahallasiga qarashli, – deydi Chilquduq mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Ubaydulla Eliboyev. – Shuning uchun bu holatning sabablarini o‘sha mahalla rahbaridan so‘rash kerak. Buning ustiga, ko‘cha Samarqand tumaniga, mahallamiz esa Samarqand shahriga qaraganligi bois, ayrim sansalorliklar ham bo‘lib turibdi. To‘g‘ri, “Obod mahalla” dasturini bajarishda kamchiliklar bor. Lekin sabr qilsak, hammasi asta-sekin bo‘ladi.

– Qanaqasiga bu joy bizning mahallaga tegishli bo‘lsin, axir mazkur hududda bizning mahalladan bor-yo‘g‘i 7 ta xonadon bor, – deydi “Navro‘z” mahallasi fuqarolar yig‘ini raisi Baxtiyor Umarov. – Ko‘chaning suv bosgan qismidan shu xonadonlarga suv kirib ketgani ham rost. Bu haqda tegishli tashkilotlarga murojaat qildik. Mazkur muammoni yechishning yagona yo‘li to‘plangan suvni qochirish uchun kollektor qurish kerak. Dasturning chala bajarilishi masalasiga kelsak, birinchidan, 2019 yilning yanvar oyidan boshlanishi kerak bo‘lgan ishlar bahorgi yog‘ingarchiliklar tufayli iyun oyida boshlandi. Buning ustiga jarayonda uzilishlar ko‘p bo‘ldi. Shag‘al kelsa, texnika yo‘q, texnika bo‘lganida ishchilar kelmaydi, goho asfalt zavod ishlamay qoladi. Xullas, o‘sha yili dasturdagi yumushlarning ayrimlari bajarilmadi. Xususan, bizning mahallamiz hududidagi ta’mirtalab 100 ta simyog‘ochdan 60 tasi almashtirildi.

Mas’ullar nima deydi?

– Haqiqatan ham Xishrav qo‘rg‘onida “Obod mahalla” dasturi doirasida bajarilgan yumushlar hozircha oxirigacha yetgani yo‘q, – deydi  Samarqand shahar hokimligi bosh mutaxassisi Jasur Istamov. – Chunki o‘tgan yili bahorning seryomg‘ir kelishi rejadagi ishlarni ancha kechiktirib yubordi. Shuning uchun belgilangan yumushlarning bir qismini joriy yilga qoldirishga to‘g‘ri keldi. Bahor kelib, kunlar isiy boshlashi bilanoq bu ishlarni nihoyasiga yetkazamiz. Biz bu haqda hudud aholisiga aytganmiz. Ammo baribir shikoyatlar to‘xtamayapti. Ayrim uylarga ko‘chadagi yomg‘ir suvlari kirib ketayotgani masalasiga kelsak, bu yerda xonadon egalarining o‘zlarida ham ayb bor. Negaki, o‘sha joydagi yomg‘ir suvlari ilgari mazkur xonadonlarning ichidan o‘tgan maxsus quvur orqali Darg‘om kanaliga tushib ketardi. Hozirda mazkur quvurning ichi chiqindilarga to‘lib, berkilib qolgan. Axir quruvchilar uyma-uy kirib, uni tozalab bermaydi-ku! Odamlar o‘zlari uyushgan holda, har kim o‘zining uyi, xonadoni hududidan o‘tgan quvurni ochib, tozalab qo‘ysa bo‘ladi. Bu muammo ko‘chaga beton ariqchalar qo‘yish bilan hal bo‘lmaydi. Agar o‘sha quvur ochilmasa, o‘nta ariqcha qazib qo‘ysangiz ham suv baribir toshib ketadi. Chunki suv chiqib ketadigan boshqa yo‘l yo‘q.

Qars ikki qo‘ldan chiqadi(mi)?

Sirasini aytganda, J.Istamovning gaplarida jon bor. Ayrim hollarda yuzaga kelayotgan ijtimoiy muammolar odamlarning oddiy e’tiborsizligi yoki hafsalasizligi tufayli paydo bo‘layotgani ham haqiqat.

Qars ikki qo‘ldan chiqadi, deganlaridek bir tomondan mas’ullarning e’tiborsizligi, ikkinchi tomondan aholining hafsalasizligi natijasida hududda shu kabi muammolar yuzaga kelib, Sh.Ma’rupov kabi oqsoqollarni bezovta qilmoqda.

O‘ylaymizki, yaqin orada mas’ullar mazkur masalalar yechimiga e’tibor qaratib tegishli choralarni ko‘radilar va biz bu mavzuga yana qaytamiz.

Yormamat Rustamov.