@Zarafshonbot’ga murojaat: To‘rt kilometr yo‘limizga tosh-shag‘al to‘kib, duomizni oladigan mutasaddi topolmayapmiz

Nurobod tumani Chorvador mahallasi, Hazarmali qishlog‘i aholisi nomidan murojaat yo‘llayapman.

Qishlog‘imiz viloyatning eng chekka hududida joylashgan bo‘lib, Qashqadaryo viloyati Ko‘kdala tumanining Hardiri qishlog‘i bilan chegaradosh. Urug‘-aymog‘imiz hardirilik bo‘lgani uchun bozorimiz ham, mozorimiz ham o‘sha qishloqda. Bordi-keldimiz, to‘y-ma’rakalarimiz ham shu qishloq bilan bog‘liq. Hazarmali va Hardiri qishloqlarini bog‘lovchi tuproq yo‘ldan ota-bobolarimiz asrlar davomida foydalanib kelishgan.

Garchi, qishlog‘imizdan tuman markazigacha bo‘lgan masofa 30 kilometrga bormasa-da, odamlarimiz bozor-o‘char uchun 35 kilometr naridagi qo‘shni viloyatning Ko‘kdala tumani, Olato‘n qishlog‘ida joylashgan, xalq tilida “jahon bozori”, deb e’tirof etiluvchi bozorga qatnaydi. Chunki bu bozorda sotilayotgan mahsulotlar juda arzon. Nurobod dehqon bozoridagi narx-navo esa xalqimizga qimmatchilik qiladi.

Shu bois Nurobod tumanining Chorvador mahallasidagi hamda tevarak-atrofdagi o‘nlab qishloqlarning kamida 20 ming aholisi ikkala viloyatni Harzarmali qishlog‘i orqali bog‘lovchi chang-tuproq yo‘ldan foydalanishga majbur.

To‘g‘ri, o‘tgan yil Ko‘kdala tumani asfalt yo‘lidan qishlog‘imizgacha bo‘lgan 12 kilometrlik tuproq yo‘lning 7,8 kilometriga “Tashabbusli byudjet” mablag‘lari hisobidan tosh-shag‘al to‘shaldi. Qolgan salkam 4 kilometrlik yo‘l qishda, yomg‘irli kunlarda loy, yozda chang bo‘lib, xalqimizni qiynab kelmoqda.

Ushbu masala yuzasidan murojaat qilmagan idoramiz qolmadi hisob.
Asfalt so‘ramaymiz, salkam to‘rt kilometrlik yo‘limizga tosh-shag‘al to‘kib, xalqimizning duosini oladigan rahbar topilmayapti.

Inqilob RAHMONOV,
Nurobod tumani.