Chag‘atoy obod mahallaga aylandi!
Samarqand viloyatidagi 4 ta mahalla – Kattaqo‘rg‘on tumanidagi “Cho‘yanchi”, Oqdaryodagi “Yangiqo‘rg‘on”, Past Darg‘omdagi “Olti qahramon” va Ishtixondagi “Chag‘atoy” mahallalari “Obod xonadon - obod ko‘cha - obod mahalla” dasturiga kiritilgan edi. Bu mahallalarda amalga oshirilib kelinayotgan keng ko‘lamdagi bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari yakunlandi.
Xususan, ushbu dastur asosida obodonlashtirilgan Ishtixon tumanidagi Chag‘atoy mahallasida katta tadbir bo‘lib o‘tdi. Unda "Nuroniy" jamg‘armasi boshqaruvi raisi S.Turdiyev, respublika ishchi guruhi a’zolari, viloyat va tuman faollari hamda tuman sektor rahbarlari ishtirok etdi.
Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining 31 yilligi bayramiga ulanib ketdi va “Konstitutsiya haftaligi” doirasida mahallada 15 ta ob’yekt foydalanishga topshirildi. Xususan, "Chag‘atoy" mahalla fuqarolar yig‘ini yangi binosi, hududdagi asfalt qilingan
Nog‘orchi, Qizilquloq, Chag‘atoy, Qo‘ng‘irot qishloqlarining ichki yo‘llari, mahalla tibbiyot punkti, xotin-qizlar bandligini ta’minlash va salomatligini mustahkamlash markazi, dam olish maskani, savdo, umumiy ovqatlanish va xizmat ko‘rsatish ob’yektlari, uchta avtobekat, "Shodlik" oilaviy bog‘chasi faoliyat boshladi.
Tadbir so‘ngida ushbu dastur asosida amalga oshirilgan ishlarda faollik ko‘rsatgan quruvchi va ishchi-xodimlarga tashakkurnoma va sovg‘alar berildi.