Sariqipchoqda boshlangan ishlar nega o‘lda-jo‘lda?

“Obod xonadon – obod ko‘cha – obod mahalla” mezonlarini joriy etish bo‘yicha uch oy ilgari viloyatimizda tanlangan 4 ta “qizil” toifadagi mahallada  muammolarni bartaraf etish bo‘yicha “Yo‘l xaritalari” ishlab chiqilgan edi. Jumladan, Jomboy tumani markazidan 30 kilometr olisda joylashgan Sariqipchoq mahallasida ham dastur bo‘yicha ishlar olib borilyapti.

Mahalla hududidagi Yettiurug‘, Sariqipchoq va So‘xmon qishloqlarida joylashgan 610 ta xonadonda 3200 dan ziyod aholi istiqomat qiladi. 11 milliard so‘m mablag‘ sarflanib amalga oshirilishi kutilgan dasturga asosan hududda 13,5 kilometr masofadagi tuproq yo‘llar shag‘allashtirilib, 26 ta ko‘cha obodonlashtirilishi ko‘zda tutilgan. O‘nta xonadon esa namunali hovliga aylantirilgan.

- Mahalla infratuzilmasini yaxshilash ishlari dasturda ko‘rsatilgandek joriy yilning mart oyi oxirida yakunlanishi kerak edi, - deydi Sariqipchoq mahallasi raisi Sirojiddin Eshbekov. – Ammo, turli sabablar bilan bu amalga oshmay qoldi. To‘g‘ri, ichki ko‘chalar shag‘allashtirildi. Yuzta eski simyog‘och o‘rniga 125 dona temir-beton ustun o‘rnatildi. Bitta suv inshooti ta’mirlandi. 2 kilometr masofaga internet tarmog‘i tortildi. 2,7 kilometr piyodalar yo‘lagining asosi tayyorlandi. Yo‘llarga shag‘al olib kelish hashar yo‘li bilan amalga oshirilmoqda. Aholi mashinalar uchun yoqilg‘i olib beryapti. Hozirda yana 3 kilometr ichki ko‘chamizga shag‘al to‘kiishi zarur. Hisoblab ko‘rsak, 120 mashina tosh kerak bo‘lar ekan, yoqilg‘i topishga qiynalyapmiz.          

Biroq, 2,4 kilometr ichki yo‘llarni asfaltlash, 2 ta yangi transformator  o‘rnatish va 1,5 kilometr yopiq tarmoq tortish ishlari ortga surilmoqda. Bitta yangi suv inshooti qurilishi, 7,3 kilometr ichimlik suv tarmog‘i ham tortish kerak edi. Lekin bu ishlar ham boshlanmadi. Tuman obodonlashtirish boshqarmasi tomonidan 1 kilometr salomatlik yo‘lagi va 20 ta tungi yoritish chiroqlari o‘rnatish ham o‘lda-jo‘lda qolib ketgan.

Qurilishiga 460 million so‘m sarflash rejalashtirilgan yangi mahalla markazi binosini faqatgina poydevori tashlanibdi, xolos. Bunyodkorlik ishlarini zimmasiga olgan “Jomboy maxsus ta’mirlash” MChJ tomonidan 15 ming dona pishiq g‘isht olib kelingan. Ishchilar yo‘qligi uchun qurilish ishlari to‘xtab qolgan.

Suxmon qishlog‘i aholisi qishloqni kesib o‘tgan Bulung‘ur arig‘ining ustidagi qo‘lbola ko‘prikdan qatnaydi.

- Ariqning narigi tomonida 15 ta hovli bor, - deydi mahalla oqsoqollaridan biri. - Yog‘ingarchilik kunlari farzandlarimizning shu ko‘prikdan o‘tib maktabga borishlari ancha qiyin. Shu sababli yangi ko‘prik qurish dasturga kiritilgan edi. Biroq hanuz ish boshlanmadi.

Mahalla ahlining bog‘cha yoshidagi 375 nafar farzandi bo‘lib, ular 3 ta xususiy bog‘chaga sig‘maydi. Ko‘pchilik bolasini qo‘shni Bulung‘ur tumanidagi xususiy bog‘chalarga berishadi. 320 o‘rinli 10-umumta’lim maktabida 600 ga yaqin o‘quvchi saboq oladi. O‘quv xonalari yetishmasligi sabab o‘qish ikki navbatda tashkil etilgan. Maktabning eski binosini maktabgacha ta’lim tashkilotiga aylantirishga qaror qilingan edi. Biroq mablag‘ ajratilmaganligi tufayli qurilish-ta’mirlash ishlari boshlangani emas.

- Dasturda maktabimiz uchun 100 o‘rinli qo‘shimcha binolar qurish ham ko‘zda tutilgan, - deydi maktab xo‘jalik ishlari mudiri Obid Ortiqov. – Kichikroq sport zali va faollar zalimiz bor edi. Ammo, zilzilalar sababli ikkalasining ham devorlari darz ketib bir-biriga suyanib qolgan. Uning ichiga kirish tugul yoniga ham borib bo‘lmaydi, qulab ketishi mumkin.

"Sariqipchoq" oilaviy shifokorlik punktida ham mablag‘ yo‘qligi sababli ta’mirlash ishlari boshlangani yo‘q. 

- Mahalla aholisining turmush tarzini yaxshilash, qurilish ta’mirlash ishlarini tashkillashtirish maqsadida tumandagi 26 ta tashkilot rahbarlari birkitilgan, - deydi tuman hokimligi bosh mutaxassisi Shahzod Suvonov. – Ular o‘zlariga ajratilgan ko‘chaga kelib, aholini hashar yo‘li bilan ko‘chalarni tozalash, yo‘llarni shag‘allashtirib, asfalt bilan qoplash, piyodalar yo‘lagi, beton ariqlar qurish, tungi chiroqlar o‘rnatish kabi ishlarga bosh-qosh bo‘lishmoqda.

Biroq, hamma ko‘chalarda ham obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlari ko‘ngildagidek olib borilmayotgan ko‘rinadi. Mahallada bo‘lganimizda hozircha faqat 8 ta tashkilot rahbarining o‘ziga birkitilgan ko‘chalarda olib borilgan ishlari yuzasidan hisobotlari bilan tanishdik. Tuman kadastr idorasi tuman hududiy elektr tarmoqlari va tabiiy gaz idoralari, Tuman dehqon bozori ma’muriyati, tuman qishloq xo‘jaligi bo‘limi rahbarlari o‘z zimmasiga olgan vazifani mas’uliyat bilan bajarmayotganligi ko‘rinib turibdi. Ular orasida hali biror marta o‘zlariga ajratilgan ko‘chaga kelib o‘rganmaganlari ham bor ekan.          

Yurting obod - eling obod, deydi xalqimiz. Sariqipchoq - ichki imkoniyatlar hisobidan har jabhada namunaviy, obod va go‘zal hududga aylantirilishi lozim. Buning uchun bu ishga mas’ul har bir rahbar avvalo xalqni rozi qilish, insonning qadr-qimmatini oshirish yo‘lida olib borilayotgan ishlar islohotlarning eng oliy maqsadi ekanligini anglashi kerak.

Dilmurod TO‘XTAYeV.