Cho‘yanchida qilinayotgan ishlar aholi og‘irini yengil qiladimi?
Joylardagi og‘ir hudud deb belgilangan aholi manzillarida davlatimiz rahbari topshirig‘iga asosan «Obod xonadon», «Obod ko‘cha» va «Obod mahalla» mezonlari joriy etilgan. Ayni paytda Kattaqo‘rg‘on tumanidagi Cho‘yanchi mahallasida ushbu tizim asosida hudud infratuzilmasini yaxshilash, aholi uchun munosib turmush sharoiti yaratish borasida keng ko‘lamli ishlar qilinyapti.
4,2 ming nafardan ziyod aholi yashaydigan ushbu mahalladagi ishlar 859 ta aholi xonadonini xatlovdan o‘tkazishdan boshlandi. Hududdagi elektr, gaz, suv ta’minoti, yo‘llar va ijtimoiy soha ob’yektlarining holati o‘rganilib, yo‘l xaritasi ishlab chiqildi va har bir masala bo‘yicha chora-tadbirlar belgilandi.
- Dastlab mahallamizdagi “Ko‘ktosh”, “Qizbuvi”, “Chashma” va “Xo‘jaturk ota” qabristonlari obodonlashtirildi, - deydi Cho‘yanchi mahallasi raisi Dilshod Saidmurodov. – Mahalladagi 9 kilometr ichki yo‘llar shag‘allashtirildi. "Payshanba-Tarnov-Cho‘yanchi" yo‘lining 6 kilometr qismiga asfalt yotqizildi. Elektr ta’minotini yaxshilash maqsadida 4600 metr tarmoq tortilib, Tursunxo‘ja qishlog‘iga bitta yangi transformator o‘rnatildi. Shuningdek, 4 dona transformator mukammal ta’mirlandi, 77 dona temir beton ustun qo‘yildi.
Gaz ta’minoti tashkiloti tomonidan 4630 metr har xil diametrli gaz quvurlari tekislandi. Yuqori bosimli gaz taqsimlash qutilari texnik ko‘rikdan o‘tkazildi va 15 dona o‘rta bosimli gaz taqsimlash qutilari ta’mirlandi.
Suv ta’minoti tashkiloti tomonidan bitta artezian qudug‘i tozalandi, 1 dona suv nasosi o‘rnatilib, toza ichimlik suvi bilan ta’minlandi. 1 dona suv minorasida ta’mirlash ishlari yakunlanib, 2 kilometr suv tarmog‘i tortildi. "O‘ztelekom" tashkiloti 8,5 kilometr optik aloqa kabeli tortdi va hozirda zarur qurilmalar o‘rnatilmoqda.
“Obod xonadon” mezoni bo‘yicha mahalladagi 321 ta ta’mirtalab uy-joylar xonadon egalari va homiylar ko‘magida ta’mirlanmoqda. Xususan, 283 ta xonadon egalari va qizil toifadagi 10 ta xonadon homiylar yordamida zamonaviy ko‘rinishga keltirildi.
Mahallada aholi bandligi va doimiy daromad manbaiga ega bo‘lishini ta’minlash maqsadida 45 nafar ishsiz fuqaroning barchasi ish bilan ta’minlangan. Shundan 14 nafariga kasb-hunarga o‘qitish, asbob-uskunalar bilan ta’minlash va tadbirkorlik faoliyatini boshlashlari uchun 137 million so‘m mablag‘ ajratilgan.
- Tumanimizdagi 69 ta mahallada 71 ta xotin-qizlarning bandligini ta’minlash va salomatligini mustahkamlash markazlari ochildi, - deydi tuman hokimining o‘rinbosari – oila va xotin-qizlar bo‘limi boshlig‘i Sayyora Jumayeva. - Cho‘yanchi mahallasida ham ana shunday markaz faoliyat boshlaganiga bir oy bo‘ldi. “Obod xonadon”, “Obod ko‘cha” va “Obod mahalla” mezonlari asosida markazda 25 nafar ishsiz va "daftar"dagi ayollar tikuvchilikni o‘rganmoqda va tadbirkorlik faoliyatini boshlaganlari ham bor. Ularning bandligini ta’minlash uchun 10 dona tikuv mashinasi berildi va 1 nafariga sartaroshlik asbob-uskunalari topshirilib, 12 nafari kasb-hunarga o‘qitilmoqda.
- Ishsiz edim, mahallamizda ochilgan tikuvchilik sexida chevarlikni o‘rgangandim, - deydi Cho‘yanchi mahallasida yashovchi Oliya Haydarova. – Lekin tadbirkorlik foliyatimni boshlash uchun tikuv mashinasi va zarur jihozlar yo‘q edi. Mahallamizdagi xotin-qizlar faoli ko‘magi bilan “Ayollar daftari”ga kiritildim va zamonaviy tikuv mashinasi, kerakli anjomlar olib berildi. Endi bolalar kiyimlari va pardalar tikishni yo‘lga qo‘yib, tadbirkorlik faoliyatimni boshlamoqchiman.
Mahallada tibbiy ko‘rik ham tashkil etilmoqda. Jumladan, hozirgacha tuman va viloyat tibbiyot muassasalari malakali mutaxassislari tomonidan 477 nafar fuqaro tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi. Kasallik aniqlangan bemorlarning ambulator sharoitda yoki shifoxonada davolanishlari uchun 244 kishiga zarur tavsiya va tibbiy muassasalarga yo‘llanmalar berildi.
Bundan tashqari, mahallada uch avlod uchrashuvlari, “Bir nuroniyga o‘n nafar yosh” tadbirlari, “Zukko kitobxon” tanlovi, “Zakovat”, “Munozara” intellektual o‘yinlari hamda sport musobaqalari o‘tkazilib kelinmoqda.
Fazliddin RO‘ZIBOYeV.