"Obod xonadon - ko‘cha - mahalla": Yangiqo‘rg‘on yangilanmoqda

Joylardagi og‘ir hudud deb belgilangan aholi manzillarida davlatimiz rahbari topshirig‘iga asosan «Obod xonadon», «Obod ko‘cha» va «Obod mahalla» mezonlari joriy etilmoqda.

Jumladan, ayni paytda Kattaqo‘rg‘on tumanidagi Cho‘yanchi, Ishtixon tumanidagi Chag‘atoy, Past Darg‘omdagi Olti qahramon hamda Oqdaryodagi Yangiqo‘rg‘on mahallalarida ushbu tizim asosida hudud infratuzilmasini yaxshilash, aholi uchun munosib turmush sharoiti yaratish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.

4400 nafardan ortiq aholi yashaydigan Yangiqo‘rg‘onda shu paytgacha bu kabi bunyodkorlik ishlari bajarilmagan. Hududiy dasturlarda ham mazkur mahalla infratuzilmasini yaxshilash bilan bog‘liq loyihalar ko‘zda tutilmagan. Respublika ishchi guruhining o‘rganishlaridan so‘ng Yangiqo‘rg‘onni «Obod xonadon», «Obod ko‘cha» va «Obod mahalla» mezonlari asosida yangilashga qaror qilindi. Hozirda butun mahallada quri­lish-obodonlashtirish ishlari olib borilmoqda.

Dastlab mahalladagi 715 ta xonadon to‘liq xatlovdan o‘tkazilib, har bir oila va uning a’zolari bilan bog‘liq masalalar, yechimini kutayotgan muammolar aniqlandi. Hududdagi elektr, gaz, suv ta’minoti, yo‘llar va ijtimoiy soha ob’yektlarining holati o‘rganildi. O‘rganishlar natijasi bo‘yicha yo‘l xaritasi ishlab chiqilib, har bir masala bo‘yicha chora-tadbirlar belgilandi.

– Mahallamizdagi asosiy muammoli masalalar yo‘l va elektr energiyasi ta’minoti bilan bog‘liq edi, – deydi Yangiqo‘rg‘on mahallasi raisi Ulug‘bek Mustafoyev. – Shuning uchun, avvalo, Yunus Rajabiy ko‘chasi va Mahalla qishlog‘ida 4,2 kilometr ichki yo‘llar shag‘allashtirildi. Boybo‘ta qishlog‘ida 1 kilometr yo‘lga asfalt yotqizildi. Shuningdek, mahallamizni tuman markazi va qo‘shni qishloqlar bilan bog‘lovchi uchta yo‘lning jami 16 kilometr qismi ta’mirlandi.

Yangiqo‘rg‘on, Mahalla va Boybo‘ta qishloqlarimizda aholi elektr ta’minotini yaxshilash uchun 5240 metr tarmoq yangilanib, 4 dona transformator mukammal ta’mirlandi. 60 dona temir beton ustun o‘rnatildi. Bu boradagi ishlar davom etmoqda.

Gaz ta’minoti tashkiloti tomonidan 6120 metr har xil diametrli gaz quvurlari nazoratdan o‘tkazildi. Besh dona yuqori bosimli gaz taqsimlash qutilari texnik ko‘rikdan o‘tkazilib, zaruratga qarab, ta’mirlash ishlari bajarildi.

Shu paytgacha mahallamizning o‘z binosi yo‘q edi. Hozirda madaniyat uyi yonidagi bo‘sh maydonda mahalla markazi qurishga kirishildi. Yil yakuniga qadar foydalanishga topshirilishi kutilmoqda.

«Obod xonadon» mezoni bo‘yicha mahalladagi uy-joylar xonadon egalari va homiylar ko‘magida ta’mirlanmoq­da. Xususan, qizil toifadagi 21 ta xonadonning 10 tasi homiylar yordamida zamonaviy ko‘rinishga kelmoqda. Bundan tashqari, «Temir daftar»da ro‘yxatda turuvchi bir nafar fuqaroning xonadoniga 10 million so‘mlik quyosh paneli o‘rnatildi.

Aholi bandligini va doimiy daromad manbaiga ega bo‘lishini ta’minlash maqsadida 2 nafar fuqaroga tikuv mashinasi, yana bir nafariga asbob-uskuna va mehnat qurollari olib berildi. «Ayollar daftari»gi kiritilgan 25 nafar xotin-qizga ham moddiy yordam ko‘rsatildi. Tadbirkorlik qilish istagida bo‘lgan 6 nafar fuqaroga jami 79 million so‘m miqdorida imtiyozli kredit mablag‘lari ajratildi. Shu tarzda 50 dan ortiq fuqaroning bandligi ta’minlandi. Hududdagi «Sariq Qush ota» qab­ristonida obodonlashti­rish ishlari olib borildi.

Mahallada qurilish-obodonlashtirish ishlari bilan birga aholini tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish va ular o‘rtasida tibbiy madaniyatni yuksaltirishga qaratilgan tadbirlar ham amalga oshirilmoqda. Xususan, hozirgacha tuman va viloyat tibbiyot muassasalari mala­kali mutaxassislari tomonidan 1049 nafar fuqaro tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi. Kasallik aniqlangan bemorlarning ambulator sharoitda yoki shifo­xonada davolanishlari uchun 158 kishiga zarur tavsiya va tibbiy muassasalarga yo‘llanmalar berildi.

Xonadon madaniyatini yuksaltirish, hovli-joylarni toza-ozoda saqlash, oilalar­dagi ijtimoiy-ma’naviy muhitni sog‘lomlashtirish, yoshlar tarbiyasida keksalarning rolini oshirish maqsadida davlat va jamoat tashkilotlari tomonidan aholi o‘rtasida keng miqyosda tushuntirish-targ‘ibot ishlari ham olib borilmoqda. Ushbu yo‘nalishda har bir qishloqda uch avlod uchrashuv­lari, «Bir nuroniyga o‘n nafar yosh» tadbirlari, «Zakovat», «Zukko kitobxon», «Munozara» intellektual o‘yinlari, sport musobaqalari o‘tkazilmoqda.

Mahalla raisining aytishicha, tez orada Yangiqo‘rg‘onni yangicha ko‘ri­nishdagi, aholi uchun har tomonlama qulay, ko‘rkam maskanga aylantirish rejalashtirilgan. Hududdagi uch qishloqda bu borada jadal ish olib boril­moqda.

G‘olib Hasanov.