Obodlik kayfiyatga ham ta’sir qiladi

“Obod xonadon – obod ko‘cha – obod mahalla” tamoyil asosida olib borilayotgan ishlar Urgut tumanidagi tog‘li Mo‘minobod mahallasida ham davom etyapti.
Viloyatning uchinchi sektori hududidagi mahallada infratuzilmani yaxshilash, aholi bandligini ta’minlash hamda og‘ir hudud toifasidan chiqarish bo‘yicha amalga oshiriladigan chora-tadbirlar belgilab olingan.
Mo‘minobod tuman markazidan 33 kilometr olisda, Tojikiston Respublikasi bilan chegara hududda joylashgan bo‘lib, mingdan ziyod xonadonda 5226 nafar aholi istiqomat qiladi. Mahallada 46 nafar ishsiz va 21 nafar boquvchisini yo‘qotganlar bor. 130 nafar fuqaro ijtimoiy yordam oluvchilar ro‘yxatiga kiritilgan. 105 nafar xotin-qiz ayollar, 10 nafar yigit-qiz “Yoshlar daftari”ga kiritilgan. Xotin-qizlarning ko‘pchiligi ishsiz, uy-ro‘zg‘or ishlari bilan mashg‘ul. Ularning bandligini ta’minlash muammo bo‘lib kelgan.
- Mahalla yettiligi, fuqarolar yig‘ini kengashi a’zolari va ko‘chaboshilar har bir xonadonda yashovchi fuqarolar bilan uchrashib, ularga “Yo‘l xaritasi” ijrosini ta’minlash yuzasidan tushuntirish ishlarini olib bordik, - deydi Mo‘minobod mahallasi raisi Obid Norboyev. – Jumladan, uylarning tashqi devorlari va tomini ta’mirlash, yordamchi xo‘jalik binolari, jumladan, oshxona, hojatxona, tandirxona, molxona va tovuqxonalarni qurish va ta’mirlash, ulardan belgilangan gigiyena talablari asosida foydalanishni yo‘lga qo‘yish borasida takliflar berildi. Chiqindilarni o‘z vaqtida olib chiqish tizimini yaratish belgilandi.
Urgut tumani elektr ta’minoti korxonasi tomonidan o‘tkazilgan xatlovda mahalla hududida 150 ta eski simyog‘och borligi ma’lum bo‘ldi. Shu paytgacha ishlab kelgan transformatorlar ham yuqori bosimga dosh bermaydi.
- Mahalladagi simyog‘ochlar o‘tgan asrning 70-yillarida o‘rnatilgan, ancha eskirib ketgan, - deydi tuman elektr ta’minoti korxonasi boshlig‘i Oybek Xoliqov. – Tog‘li hudud, aholi xonadonlari tarqoq joylashgan, qayerda uy qurilgan bo‘lsa, oddiy yog‘och ustunlar yordamida tarmoq tortib ketaverishgan. O‘n yillardan buyon davlat tomonidan birorta transformator yoki beton-ustun o‘rnatilmagan. Sal shamol ko‘tarilib yomg‘ir yoki qor yog‘sa, elektrdan uzilish yuzaga keladi.
Obodonlashtirish ishlari boshlangach, qo‘shimcha 160 kVtlik quvvatga ega bo‘lgan 4 ta transformator, eski simyog‘ochlar o‘rniga 180 dan ziyod temir-beton ustun o‘rnatilib, 6 kilometr uzunlikda SIP yopiq kabellari tortilishi rejalashtirildi. Mavjud 10 ta transformator punktlari ta’mirlanadi. Birgina Chumchuqli qishlog‘idagi 120 dona yaroqsiz simyog‘och temir-beton ustunlarga almashtirilib, 13,3 kilometr masofada turli darajadagi yopiq kabellardan iborat tarmoq tortiladi. 6 ta transformator punkti ta’mirlanadi. Markaziy ko‘chalarga 280 dona tungi yoritish chiroqlari o‘rnatiladi. Shuningdek, mahalladagi 2 ta ichimlik suvi minorasi ham ta’mirtalab, ko‘p yillardan buyon suv chiqmaydi.
- Bizga suv tog‘lardagi chashmalardan keladi,- deydi mahalla faoli Aliqul Hotamov. – Lekin tog‘larda ham suv kamayib boryapti, yildan-yilga chashmalar quriyapti. Ayniqsa, yoz oylarida tomorqani sug‘orish u yoqda tursin, ichishga suv topish ham qiyin bo‘lib qolmoqda. Qo‘shimcha suv quduqlari kerak.
Dastur asosida mahalla uchun qo‘shimcha 4 ta yangi suv inshooti qurish, 6 kilometr ichimlik suv tarmoqlari tortish belgilandi. Natijada 500 ga yaqin xonadon toza ichimlik suvi bilan ta’minlanadi. Shuningdek, Chumchuqli qishlog‘ida 4 ta yangi suv inshooti o‘rnatilib, 3,2 kilometr masofaga tarmoq tortiladi.
Mahalladagi ichki ko‘chalarda qishda yomg‘ir-qorda, yozda chang tufayli yurib bo‘lmay qoladi. Ayniqsa, yog‘ingarchilik vaqtida maktabga qatnaydigan bolalarga qiyin bo‘ladi.
“Obod xonadon - obod ko‘cha - obod mahalla” tamoyillari asosida qishloqning mana shu muammoli ko‘chalari ham obodonlashtiriladigan bo‘ldi. Hududdan o‘tuvchi 4K-520 “Mo‘minobod-Jarqishloq” avtomobil yo‘lining 2,5 kilometr qismi, 15,3 kilometr ichki xo‘jalik yo‘llari joriy ta’mirdan chiqariladi. Jumladan, Amir Temur, Mo‘minobod, Xo‘jaobdol ko‘chalari, mahallani Terak qishlog‘i bilan bog‘lovchi yo‘lning 2,5 kilometr qismi to‘liq asfaltlashtiriladi. Qolgan ko‘chalar esa beton bilan qoplanadi. Shuningdek, hududdagi 28,4 kilometr ichki ko‘chalar shag‘allashtiriladi.
- Mahallamiz to‘liq suyultirilgan gaz ballonlariga o‘tkazilgan, - deydi Rajabboy G‘afforov. – Biroq bo‘sh ballonlar o‘z vaqtida almashtirilmaydi. Ba’zida gazchilar masofa uzoqligini bahona qilib, ikki oygacha olib kelishmaydi. Aholi esa o‘tin va ko‘mir bilan ovqat pishirib, choy qaynatishga majbur bo‘lyapti.
Mo‘minobod va Chumchuqli qishloqlari aholisiga 966 ta maishiy gaz ballonlari tarqatilgan. “Hududgaz Samarqand” aksiyadorlik jamiyatining Urgut tuman filiali o‘tkazgan xatlovga ko‘ra, yana 243 ta oilaga maishiy gaz balloni yetishmasligi aniqlandi. Ikki oy ichida barcha xonadonlar gaz ballon bilan ta’minlanadi.
Mahalla hududidan kuniga yuzlab transport vositalari harakatlanadi. Biroq qatnovini tartibga soladigan yo‘l belgilari va ko‘rsatkichlari yetarli emas. Endilikda bu masala ham yechim topadigan bo‘ldi. Shuningdek, 11 kilometr uzunlikdagi internet aloqa tarmog‘ini tortish ko‘zda tutilgan.
Dastur asosida mahalla uchun zamonaviy bino va xotin-qizlar uchun bandlik va salomatlik markazi ham quriladi. Sport maydoni zamonaviy talablar asosida ta’mirlanib, markaziy ko‘chalarga 8 ta chiqindi konteyneri o‘rnatiladi. Uch oy ichida 160-umumta’lim maktabida kutubxona, Qatag‘on qishlog‘ida 90 o‘rinli bog‘cha, Chumchuqli qishlog‘ida 480 o‘rinli maktab va 90 o‘rinli bolalar bog‘chasi qurish, barcha qishloqlarda konteyner tibbiy punkt o‘rnatish rejalashtirilgan.
- Mahallamizdagi yuzga yaqin xotin-qiz tikish-bichishga o‘rgatilyapti, - deydi mahalla xotin-qizlar faoli Dilfuza Jo‘rayeva. - Tadbirkorlik bilan shug‘ullanishni istagan xotin-qizlar va yoshlarga esa imtiyozli kreditlar taklif qilinyapti. Shuningdek, xorijda ishlayotgan fuqarolar bilan bog‘lanib, ularni qishloqqa qaytarish va ishga joylashtirish choralari ko‘rilyapti. Sharoiti og‘ir oilalar tijorat banklariga biriktirilib, ularga imtiyozli shartlar asosida kredit berish rejasi ishlab chiqildi.
Darhaqiqat, bugungi kunda davlatimiz tomonidan tog‘li va chekka hududlardagi qishloq aholisiga ko‘rsatilayotgan e’tibor, yaratilayotgan sharoit va qulayliklar barchaning kayfiyatiga ijobiy ta’sir ko‘rsatyapti.
Dilmurod To‘xtayev.