Barcha qurilish ta’mirlash ishlari yakunlangach, asfalt qoplamasidagi buzilishlar tuzatiladi

12 iyun kuni zarnews.uz telegram kanalida “Obod qishloq” dasturiga kiritilgan qishlog‘imizdagi ishlardan ta’bimiz xira bo‘lyapti” sarlavhali murojaat e’lon qilindi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 2 apreldagi “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlarini amalga oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori, Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 23 apreldagi 187-F-sonli farmoyishiga muvofiq, Samarqand mintaqaviy yo‘llarga buyurtmachi xizmati DUK buyurtmasiga asosan Oqdaryo tuman yo‘llardan foydalanish unitar korxonasi tomonidan Sug‘onchi mahallasi Tepa Sug‘onchi qishlog‘idagi ichki xo‘jalik avtomobil yo‘llarining 2,472 kilometr qismiga asfaltobeton qoplamasi hamda 4,692 kilometr qismiga qum-shag‘al aralashmasi yotqizib, joriy ta’mirlash ishlarini amalga oshirish belgilangan.

Yuqoridagi qarorga asosan mazkur ob’yektlarning asosiy qismidan ichimlik suvi tarmog‘i o‘tkazilishi munosabati bilan bugungi kunda asfaltobeton yotqizish ishlari to‘xtab turibdi. Ichimlik suvi tarmog‘ini o‘tkazish ishlari yakuniga yetkazilishi bilan qisqa muddatda asfaltobeton yotqizish ishlari yakuniga yetkaziladi.

Tasdiqlangan loyiha-smeta hujjatlariga asosan Tepa Sug‘onchi qishlog‘idagi 15-ko‘chaga ichimlik suv tarmog‘i o‘tkazilishi rejalashtirilmaganligi sababli ushbu ko‘chaga asfaltobeton yotqizish ishlari amalga oshirilgan. Mazkur ko‘chada Investitsiya dasturiga 14-sonli maktabgacha ta’lim muassasasini yangidan qurish ishlari amalga oshirilmoqda. MTMni qurilish ishlarida ishlatilayotgan og‘ir yukli qurilish mashina-mexanizmlarining asfaltobeton yotqizilgan ko‘chadan kirib-chiqish, burilish jarayonlarida buzish holatlari kuzatilgan. Barcha qurilish ta’mirlash ishlari yakuniga yetkazilgandan so‘ng, asfalt qoplamasidagi buzilishlar tuzatilishini ma’lum qilamiz.

Oqdaryo tuman yo‘llardan foydalanish unitar korxonasi.