Oqdaryoda noqonuniy ravishda ishdan bo‘shatilgan xodim vazifasiga tiklandi

Oqdaryo tumanidagi 1-son kasb-hunar maktabida ombor mudiri vazifasida ishlagan A.Mirzayev ishdan bo‘shatilgach, tuman adliya bo‘limiga murojaat qilgan. O‘rganish davomida uning ishdan noqonuniy bo‘shatilgani, bir qator qonunbuzilish holatlariga yo‘l qo‘yilganligi aniqlangan. Bu haqda tahririyatga viloyat adliya boshqarmasi xabar bermoqda.

Mazkur muassasaga xodim joriy yil boshida 1 stavka asosida ishga qabul qilingan. Ammo 25 aprelda fuqaroning sog‘lig‘i ro‘kach qilinib, o‘z arizasiga asosan ishdan ketishi talab qilingan va shu kuniyoq eski tahrirdagi Mehnat kodeksining 99-moddasi qo‘llanilgan holda ishdan haydalgan.

Muassasa rahbari bu xatti-harakati bilan qo‘pol qonunbuzilish holatiga yo‘l qo‘ygan. Boisi, o‘sha paytda amalda bo‘lgan eski tahrirdagi Mehnat kodeksining 99-moddasiga asosan xodim nomuayyan muddatga tuzilgan mehnat shartnomasini ham, muddati tugagunga qadar muddatli mehnat shartnomasini ham ish beruvchini ikki hafta oldin yozma ravishda ogohlantirib, bekor qilishga, ogohlantirish muddati tugagandan so‘ng xodim ishni to‘xtatishga haqliligi hamda ish beruvchi xodimga mehnat daftarchasini berishi va u bilan hisob-kitob qilishi shartligi belgilangan.

Qolaversa, kasb-hunar maktabi direktori eski tahrirdagi Mehnat kodeksining 108-moddasi talablarini buzgan holda A.Mirzayevga mehnat shartnomasi bekor qilinganligi haqidagi buyruq bilan tanishtirmagan.

Oqdaryo tuman adliya bo‘limi murojaatni o‘rganib, muassasaga tegishli taqdimnoma kiritgach, shu yilning 25 mayidan A.Mirzayev o‘z ishiga tiklandi.