Samarqandda noqonuniy ishdan bo‘shatilgan yana bir fuqaro ishga tiklandi

Unga majburiy progul kunlari, ya’ni  ish beruvchining aybi bilan ishlash imkoniyatidan mahrum bo‘lgan vaqt uchun qariyb 14 million so‘m ish haqi to‘liq undirib berildi.

Avvalo shuni qayd etish kerakki, mavjud qonunlarimizda har bir shaxs mehnat qilish, erkin kasb tanlash, adolatli mehnat sharoitlarida ishlash va qonunda ko‘rsatilgan tartibda ishsizlikdan himoyalanish huquqiga ega ekani mustahkamlab qo‘yilgan.

Fuqarolarimizning ushbu konstitutsiyaviy huquqlari amaldagi mehnat qonunchiligida ham o‘z ifodasini topgan bo‘lib, qonunga ko‘ra hech kim asossiz ravishda ishdan bo‘shatilishi mumkin emas. Ammo shunga qaramay, kundalik hayotda mehnat bilan bog‘liq nizolar uchrab turibdi.

Bu haqda bejiz to‘xtalganimiz yo‘q.

Majburiy ijro byurosi Camarqand shahar bo‘limi ish yurituviga fuqaro K.E. fuqarolik ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudining 2023 yil 5 apreldagi sud hujjatiga asosan viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi “Ixtisoslashtirilgan avtotransport” davlat korxonasiga ishga tiklash, majburiy progul uchun ish haqini undirish to‘g‘risida ijro varaqasi kelib tushgan.

Majburiy ijro harakatlari davomida undiruvchi K.E. ishga tiklandi va majburiy progul kunlari uchun 13 mln. 910 ming so‘m ish haqi to‘liq undirib berildi.

Bu dalilni keltirishdan maqsad shuki, har bir ish beruvchi mehnat qonunchiligini chuqur bilishi va unga qat’iy amal qilishi zarur. Shundagina xodimlarning huquqlari ishonchli himoya qilinadi, ko‘ngilsiz holatlar yuz bermaydi.

Dilshod Abdug‘aniyev,

Byuroning Samarqand shahar bo‘limi davlat ijrochisi.