Nohaq ishdan bo‘shatilganlar vazifasiga qayta tiklandi
Kattaqo‘rg‘on tumani, Payshanba shaharchasi, Charog‘on mahallasida istiqomat qiluvchi fuqaro T.Toshev “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ Qoradaryo elektr tarmoqlari korxonasida 2019 yil 2 fevraldan elektr hisoblagichlarni o‘rnatish va almashtirish bo‘yicha elektr montyor vazifasida, 0,5 stavkada ishlagan.
Korxonada shtat birligining qisqarishi sababli Mehnat kodeksining 100-moddasi 1-qismi bilan u bilan tuzilgan mehnat shartnomasi 2020 yil 13 yanvardagi buyruq bilan bekor qilingan.
Fuqaro T.Toshevning mazkur buyruqdan norozi bo‘lib qilgan murojaati Kattaqo‘rg‘on tumani adliya bo‘limi ish yurituviga joriy yilning 16 mart kuni kelib tushdi.
Murojaatni o‘rganish davomida 2020 yil 26 mart kuni fuqaro T.Toshev muqaddam bajarib kelgan - elektr hisoblagichlarni o‘rnatish va almashtirish bo‘yicha elektr montyor vazifasiga qayta tiklandi.
Aniqlangan holat bo‘yicha “Samarqand hududiy elektr tarmoqlari korxonasi” AJga qonun hujjatlarining buzilishi mumkin emasligi haqida” ogohnoma kiritildi.
Joriy yilning 24 fevralda Qo‘shrabot tumani adliya bo‘limiga kelib tushgan murojaat ham qariyb shu mazmunda. Unda tumandagi Buloqboshi mahallasida yashovchi fuqaro S.Temirova u bilan tuman axborot-kutubxona markazi o‘rtasida tuzilgan mehnat shartnomasining bekor qilinganligidan noroziligi bildirilgan.
Murojaatni o‘rganish davomida tuman axborot-kutubxona markazi tomonidan 2020 yil 23 yanvardagi 18-sonli buyruqqa asosan S.Temirova bilan tuzilgan mehnat shartnomasi Mehnat kodeksining 100-moddasi ikkinchi qismi, 2-bandiga muvofiq xodimning malakasi yetarli bo‘lmaganligi sababli ish beruvchining tashabbusi bilan mehnat qonunchiligi normalariga zid ravishda bekor qilinganligi aniqlandi.
O‘rganish natijasiga ko‘ra, tuman axborot-kutubxona markaziga aniqlangan qonunbuzarliklarga yo‘l qo‘ymaslik, ularning sodir etilishiga ko‘maklashuvchi sabablar va shart-sharoitlarni bartaraf etish to‘g‘risida taqdimnoma kiritildi. Natijada markazning 2020 yil 6 martdagi buyrug‘i bilan S.Temirova vazifasiga ishga tiklandi.
Samarqand viloyati adliya boshqarmasi.