Yangi Mehnat kodeksi: ogohlantirishsiz ishdan bo‘shash yoki bo‘shatish mumkin emas
Mehnat shartnomasini bekor qilish to‘g‘risida ogohlantirish muddatlariga rioya qilish xodim uchun ham, ish beruvchi uchun ham muhim talabdir. Unga rioya qilmaslik esa turli nizoli holatlar yuzaga kelishiga sabab bo‘ladi.
Aytiz joizki, ba’zi fuqarolar ogohlantirish xatini olmasam, ish beruvchi mehnat shartnomasini bekor qila olmaydi, deb o‘ylaydi. Aslida ogohlantirishda xodimning imzosi bo‘lmagan taqdirda ham ish beruvchi xodimning belgilangan muddatda ogohlantirish bilan tanishtirilgani, lekin xodim imzo qo‘yishdan bosh tortgani haqida ishonarli dalillar keltirsa, sud xodimni o‘z vaqtida ogohlantirilgan deb topishi mumkin.
O‘z navbatida xodim ham o‘z tashabbusiga ko‘ra mehnat shartnomasini bekor qilayotganda, 14 kalendar kunlik yoki ish beruvchini ogohlantirishning boshqa muddatlariga qat’iy rioya etishi lozim. Agar ogohlantirish muddati tugagandan keyin xodim bilan mehnat shartnomasi bekor qilinmagan va yakka tartibdagi mehnatga oid munosabatlar davom etayotgan bo‘lsa, mehnat shartnomasini xodimning tashabbusiga ko‘ra bekor qilish haqidagi ariza o‘z kuchini yo‘qotadi, mehnat shartnomasini ushbu arizaga muvofiq bekor qilishga esa yo‘l qo‘yilmaydi. Shuningdek, agar xodim mehnat shartnomasini uning amal qilish muddati tugaganligi munosabati bilan bekor qilishga qaror qilgan taqdirda, ish beruvchini mehnat shartnomasi bekor qilinguniga qadar kamida 3 kalendar kun oldin yozma shaklda ogohlantirishi kerak.
Dastlabki sinov muddatida muddat shuncha. Ya’ni, u tugaguniga qadar taraflarning har biri ikkinchi tarafni kamida 3 kun oldin yozma shaklda ogohlantirgan holda mehnat shartnomasini bekor qilishga haqli. Bu muddatni qisqartirishga faqat shartnoma taraflarining kelishuvi bilan yo‘l qo‘yiladi.
Qonunchilikka ko‘ra, mehnat shartlarining kelgusidagi o‘zgarishi ham ogohlantirish asosida amalga oshiriladi. Kodeksga ko‘ra, ish beruvchi mehnat shartlarining kelgusidagi o‘zgarishi haqida xodimni kamida 2 oy oldin yozma shaklda, imzo qo‘ydirib ogohlantirishi shart. Ko‘rsatilgan muddatni qisqartirishga faqat xodim va ish beruvchi o‘rtasidagi kelishuvga ko‘ra yo‘l qo‘yiladi.
Bu tartib, turli tashkilotlarda turlicha. Jumladan, ish beruvchi bo‘lgan mikrofirma xodimni mehnat sharoitlarining o‘zgarishi to‘g‘risida kamida 1 oy oldin yozma ravishda xabardor qilishi kerak. Yakka tartibdagi tadbirkor va ish beruvchi bo‘lgan jismoniy shaxs ogohlantirishni 14 kalendar kun oldin beradi.
Nargiza NURNAZAROVA,
Samarqand shahar adliya bo‘limi Yuridik xizmat ko‘rsatish markazi bosh yuriskonsulti.